Fransiya elchisi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetiga qimmatbaho kitoblar sovgʻa qildi

    Madaniyat 31 May 2022 2513

    Joriy yil 30-mayda Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Oreliya Bushez boshchiligidagi delegatsiya “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.

    Tashrifdan koʻzlangan maqsad Samarqandning diqqatga sazovor joylari, uning qadimiy tarixi, shuningdek, taʼlim va turizm sohasida Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini rivojlantirish doirasida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishish edi.

    Tashrif doirasida Oreliya Bushez xonim Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yoʻli” universiteti rektori A.Abduhakimov bilan rasmiy suhbat oʻtkazdi. Tomonlar taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Rektor mustahkam ishchi aloqalarni davom ettirish, shuningdek, ikki davlat oliy oʻquv yurtlari talabalari va professor-oʻqituvchilarining toʻsiqsiz harakatlanishi uchun akademik koʻprik tashkil etish zarurligini taʼkidladi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Oreliya Bushez universitet kutubxona fondiga arxitektura, muzeyshunoslik, gastronomik turizmga oid noyob kitoblarni sovgʻa qilgani eʼtiborga molik.

    “Bu kitoblar kutubxona javonlarida alohida oʻrin egallaydi va arxitektura, madaniy meros va gastronomik turizm sohasidagi bilim salohiyatini yanada yuqori sifat darajasiga koʻtaradi”, – dedi A.Abduhakimov.

    Fransiya va Oʻzbekiston xalqlarining turizm va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda umumiy ustuvorliklarga ega boʻlgan ikki mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash asosi sifatida taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro intilishlariga muvofiq, va bu borada “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Fransiya oliy oʻquv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilib keladi.