E.Gebali bilan uchrashuvda Fransiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi Bris Rokfyoy ham ishtirok etdi. Uchrashuvda Toshkent va Samarqand shaharlarida suv taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish yuzasidan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chogʻida Fransiya kompaniyasi rahbariyati Fransiya Hukumati Toshkent shahrining suv taʼminoti tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 145 million yevro miqdorida mablagʻ ajratishni maʼqullaganini maʼlum qildi. Shuningdek, uchrashuvda loyiha hujjatlarini tayyorlash va ularni hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish boʻyicha masalalar hamda navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Muloqot chogʻida E.Gebali Oʻzbekistonda bir qator ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish boʻyicha rejalari haqida soʻz yuritdi. Ulardan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi umumtaʼlim maktablarini ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi boʻladi. Loyihani roʻyobga chiqarish kompaniya tomonidan grant asosida ajratilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.

Shuningdek, Fransiya tomoni shahar va qishloq joylardagi aholi punktlarining ichimlik suvi taʼminoti tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturini hayotga tatbiq etishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Mazkur yordam vazifasi aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalarini zudlik bilan hal qilishga qaratilgan samarali innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisoblangan texnik missiyalarni Oʻzbekistonga yuborishdan iborat boʻladi.

Uchrashuv yakunida Fransiya kompaniyasi rahbariyati Oʻzbekiston tomonining Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etishda samarali koʻmak berishga hamda belgilangan yoʻnalishlardagi hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha birgalikda ishlashga tayyorligiga ishontirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.