— Bu bizning, ko'hna o'zbekona qadriyatlarimizdan, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo'limi xodimi Xushnud Ollaberganov. — Front ortida xizmat qilgan, frontaviklar soni Xorazmda uncha ko'p emas, muhimi, ular e'tiborda. Bayram oldi yana bir bor yo'qlab, ularga fondning  bayram sovg'alarini topshirdik.

Bundan Al-Xorazmiy mahallasida istiqomat qiluvchi Zoya Averkova, Faina Abdurashidova kabi frontaviklar, Hamjihatlik mahallasida yashovchi Zoya Kudyayeva, Sharifa Xujayeva, Olimpiya mahallasida istiqomat qiluvchi Sharofat Dushanova, Xosiyat Alaberganova, Gulshan mahallasida yashovchi Lyudmila Skorobogotova, Tagira Pushkur, Jamila Ro'zmetova singari yolg'iz qariya va keksa yoshdagi onaxonlar birdek xursand bo'ldi.

Ular duoga qo'l ochib, shunday kunga yetkazganiga, e'tibordan chetda qolmaganliklari uchun shukr aytishib, yurtga tinchlik, xalqqa hamjihatlik tilashdi.

Bir so'z bilan aytganda, bu kabi tadbirlar viloyatni har bir tumanida o'tkazilib, keksalarning muammolari o'rganiladi. Keksa avlod vakillari va yoshlar o'rtasida uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu esa oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirishda muhim o'rin tutadi.

Mahalla xayriya jamoat fondi

Xorazm viloyat bo'limi matbuot xizmati