Rossiya ekologik jamiyati raisi Rashid Ismoilov MIR 24 telekanali efirida ehtimoliy tahdidni to'liq baholash uchun ma'lumotlar berilmaganini aytdi.
“Yaponiyaliklarning suvni oqizish bo'yicha birinchi sinov ishlarini o'tkaza boshlaganini biz ikki oy oldin bilib oldik. Ular bu ishni rejalashtirayotganliklari haqida butun xalqaro hamjamiyatni xabardor qilishdi, qo'shni davlatlar – Xitoy va Janubiy Koreya tomonidan ularga bir qancha e'tirozlar bildirildi. Mamlakatlar bu rejalar haqida juda tanqidiy ohangda gapirishdi. Gap shundaki, biz bu suvning xavfliligini to'liq tushunmayapmiz. Yaponlar ancha yopiq ish tutmoqda, bu borada na shaffoflik, na ma'lumot bor. Agar xavf bo'lmasa, nega biz bu suvning tahlillari yoki parametrlari, okeanga qanday ta'sir ko'rsatgani haqida bilmaymiz? – deydi mutaxassis.
Ochiq manbalardan ma'lumki, 2011-yilda AESdagi avariya paytida reaktorlarni sovitish uchun foydalanilgan suvni tozalagandan so'ng undan 62 ta radioaktiv modda olib tashlangan, ammo tritiy qolgan. MAGATE ma'lumotlariga ko'ra, ushbu moddaning konsentratsiyasi operatsion chegaradan ancha past.
Rashid Ismoilovning qayd etishicha, dunyoda ilgari bunday suvni to'kish tajribasi bo'lmagani bois, sodir bo'layotgan voqealar xavfsizligi haqida gapirish qiyin. Uning so'zlariga ko'ra, Yaponiyaga yaqin bo'lgan va monitoring qilish imkoniga ega bo'lgan tashkilotlar va davlatlar xavflar haqida gapirishmoqda.
Yaponiyaning o'zida ham norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi va ular nafaqat ekologik, balki iqtisodiy oqibatlar haqida ham gapirishdi. Xitoy allaqachon Yaponiya suvlaridan dengiz mahsulotlarining jo'natilishini to'xtatishini e'lon qildi va boshqa davlatlar ham unga ergashishi mumkin. Ekspertning fikricha, bu Yaponiya iqtisodiyotining butun tarmog'ini to'sib qo'yishi mumkin.
Rashid Ismoilov Rospotrebnadzorga Rossiyaga dengiz mahsulotlarini olib kirishda radiatsiya nazoratini ta'minlash iltimosi bilan murojaat qilganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, bir qator cheklov choralari ko'rilgan, mamlakatga kirib kelishi mumkin bo'lgan mahsulotlar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo'lgan xavf-xatarlar ko'rib chiqilmoqda, deb xabar beradi mir24.tv.