Xususan, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyaga mazkur holatlar yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Birgina 2021-yil davomida federatsiyaga kelib tushgan murojaatlarning 14,4 foizi, yaʼni 1637 tasi gaz sohasiga bogʻliq boʻlib, ushbu murojaatlarning 93 foiz ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Shunga oʻxshash murojaatlardan biri Qarshi shahrida yashovchi M.Karxalovdan kelgan. Qayd etilishicha, isteʼmolchi tabiiy gaz uchun pulni oʻz vaqtida toʻlagan boʻlsa-da, 2015-yildan shu kunga qadar kechiktirilgan toʻlovlar uchun jami 8 million 229 ming soʻm qarzdorlik va kechiktirilgan qarzdorlik uchun 802 ming 214 soʻm penya hisoblangan. Haqiqat qaror topgunicha isteʼmolchining murojaat qilmagan idorasi, taqillatmagan eshigi qolmagan.
Oxiri mazkur murojaat federatsiyaning Qarshi shahar jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilishi natijasida isteʼmolchining xonadoniga noqonuniy ravishda 8 million 229 ming soʻm qarzdorlik va kechiktirilgan qarzdorlik uchun 802 ming 214 soʻm penya hisoblangani aniqlandi. Mazkur qarzdorlikni bekor qilish va isteʼmolchining huquqlarini tiklash uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Sud xulosasiga koʻra, isteʼmolchi xonadoniga hisoblangan noqonuniy qarzdorlik bekor qilindi. Shuningdek “Hududgaz Qashqadaryo” gaz taʼminoti filiali hisobidan isteʼmolchining foydasiga 500 ming soʻm maʼnaviy zarar undirilishiga erishildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.