Unda qayd etilishicha, fuqaro M.M. subsidiya asosida Namangan viloyati Davlatobod tumani “Yuksalish” MFYda yangi qurilayotgan ko'p qavatli uylardan olish maqsadida tumanidagi tijorat bankiga murojaat etgan. Bank tomonidan murojaat o'rganib chiqilib, hujjatlardagi ayrim kamchiliklar bartaraf etilishi tushuntirilgan.
Shundan so'ng, murojaatchi tomonidan bank xodimlari aytib o'tgan kamchiliklarni bartaraf qilinishi va so'ralgan hujjatlarni taqdim etishiga qaramay, tijorat banki tomonidan fuqaroga shu kunga qadar kredit ajratib berilmagan.
Iste'molchi bank xodimiga kredit o'z vaqtida ajratilmasa, qurilish firmasi bilan subsidiya asosida oldi-sotdi shartnomasini tuza olmasligi va subsidiya muddati tugashini ma'lum qilgan bo'lsada, hech qanday o'zgarish bo'lmagan.
Mazkur murojaat Federatsiyaning Davlatobod tuman jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilishi natijasida iste'molchiga tijorat banki tomonidan 176 million so'm kredit ajratib berilishiga erishildi.
Yana bir murojaat, G'allaorol tumani “Lalmikor” qo'rg'onida yashovchi fuqaro Sardor Tugizboev tomonidan kelgan bo'lib, “Lalmikor” qo'rg'oni hududidagi maishiy texnika savdo do'konidan jami 4 million so'mga “Artel” rusumli sovutgich xarid qilgan, biroz vaqt o'tib esa muzlatgich nosozligi ma'lum bo'lgan. Iste'molchi sotuvchiga maxsulotni boshqa sifatlisiga almashtirishni so'ragan bo'lsada, sotuvchi turli bahonalar orqali almashtirib berishdan bosh tortgan.
Mazkur murojaat Federatsiyaning G'allaorol tuman jamiyati tomonidan o'rganilishi natijasida, muzlatgich uchun to'langan mablag' iste'molchiga qaytarildi.