Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Asaka tumanida yashovchi Z.Mamatqulovadan murojaat kelib tushdi.

Unga koʻra, fuqaro “Har bir oila — tadbirkor” loyihasi doirasida issiqxona qurish uchun kredit soʻrab tuman markazida joylashgan tijorat banklaridan biriga ariza topshirgan. Biroq bank xodimlari turli bahonalar bilan fuqaroning iltimosini ortga surgan. Federatsiyaning Andijon viloyati hududiy birlashmasi tomonidan murojaat oʻrganilishi natijasida Z.Mamatqulovaning bankdan 28 million soʻm kredit olishiga erishildi.

Asakalik yana bir fuqaro R.Aliyev ham quyonchilikni rivojlantirish uchun kredit soʻrab tijorat banklaridan biriga murojaat qilgan, biroq bank xodimlari har xil vajlar bilan kredit berishni kechiktirgan. Mazkur murojaat ham oʻrganilib, R.Aliyevga bankdan 23 million 700 ming soʻm kredit olib berildi, deb xabar beryapti federatsiya axborot xizmati.