Mavzuga oradan koʻp oʻtmay yana qaytishimizning muhim asosi bor. Prezidentimiz 7-aprel kuni “Tuman va shahar byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, shu yilning fevral-mart oylari davomida oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida fuqarolarning faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlagan holda, gʻolib deb topilgan 2 215 ta loyihaga qoʻshimcha har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 85,4 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.

MAHALLALARNING YECHIM TOPAYOTGAN MUAMMOLARI

Har bir mahallaning oʻziga xos, katta-yu kichik masala va muammolari bor. Biri uchun qishda loyi, yozda changi chiqib yotadigan ichki yoʻllarni taʼmirlash oʻta zarur boʻlsa, ikkinchisida joʻmragidan yillab tomchi tommay kelgan ichimlik suv tarmogʻini qayta qurish eng asosiy masala. Boshqa biri ana shu ikki muammoning ham biryoʻla hal etilishidan manfaatdor. Yana biri maktab, boshqasi bogʻchani taʼmirdan chiqarish va zamonaviy jihozlashni istaydi...

Lekin mahallalarga ajratilgan manzilli mablagʻlarning yetib bormasligi, mavjud sarmoyani sarf-xarajat qilishda jamoatchilik ishtiroki taʼminlanmaganligi, mazkur jarayonda mahalla faollarining faqat murojaat qiluvchi yoki ariza beruvchi sifatida ishtirok etib kelganligi koʻplab masalallar toʻplanib qolishiga sabab boʻlib boʻlardi. Oqibatda aholida ularning ijobiy yakuniga boʻlgan ishonchsizlik paydo boʻlishi tabiiy edi.

Moliya vazirligi mutassaddilarining aytishicha, tuman va shahar byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga qaratilgan yangi tizim ilgari surilganida ham fuqarolarda ana shunday qarashlar boʻlgan. Lekin keyingi paytda bunday munosabatlar oʻrnini faolik, jonkuyarlik va bahamjihatlikka asoslangan saʼy-harakatlar egallab, ularning qiziqish hamda faolligi toboro ortib boryapti.

Amaldagi tamoyilga koʻra, tashabbusli byudjet jarayonlari har yili ikki marta, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, birinchi yarim yilligini 5-martdan 1-aprelgacha, uning ikkinchi mavsumini 31-iyuldan 19-avgustgacha oʻtkazish rejalashtirilgan.

Har bir mavsumning birinchi bosqichida fuqarolar oʻz takliflarini ilgari surishadi, ikkinchisida bildirilgan takliflar moderatsiya jarayonidan oʻtkaziladi. Uchinchisida saralangan takliflar ovoz berish jarayoniga qoʻyiladi. Har bir tuman yoki shaharning oʻzida eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar miqdoridan kelib chiqqan holda “gʻolib” aniqlanadi.

2022-yilda “Tashabbusli byudjet” loyihalarini moliyalashtirish maqsadlari uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar miqdori 4 barobarga oshirildi. Tuman, shaharlarda tasdiqlangan byudjetlardan ajratilgan 5 foizining oʻzi 1,5 trillion soʻmdan ortiqroqni tashkil etdi. Bundan tashqari, qoʻshimcha manbalarning 30 foizi ham tashabbusli byudjet uchun yoʻnaltiriladi.

— Fuqarolarimiz shu yilning birinchi yarim yilligi uchun oʻtkazilgan tashabbusli byudjet loyihasida juda faol qatnashdi, — deydi Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azimjon Hasanov. — Agar oʻtgan yili ijtimoiy loyihalarga 1 million 150 mingga yaqin ovoz berilgan boʻlsa, joriy yil oʻtkazilgan dastlabki bosqichda ushbu koʻrsatkich besh barobarga ortdi, yaʼni berilgan ovozlar soni 6 million 700 mingdan ziyod boʻldi.

Yana bir muhim jihati, oʻtgan yili 41 mingta taklif bildirilgan boʻlsa, bu yil ular soni 69 700 dan ortib ketdi. Ular hududiy ichki komissiyalar tomonidan saralab olish natijasida 40 mingdan ortigʻi ovoz berish bosqichiga oʻtkazildi. Eng koʻp ovoz olgan 2215 taklif gʻolib deb topilgan edi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga binoan, ularga qoʻshimcha ravishda 139 ta loyiha respublika byudjetidan moliyalashtirilishi taʼminlanadigan boʻldi.

QISHLOQLARDA TASHABBUS SHUKUHI

“Ochiq byudjet” portalida katta umidlar bilan oʻz taklifini ilgari surgan Qamashi tumani Qovchin qishlogʻi aholisi ovoz toʻplash jarayonida ancha faollik koʻrsatdi. Qishloqning ichki 1,8 kilometr masofasi davlat byudjetidan yangidan asfalt boʻlishini kim ham xohlamaydi deysiz?

— Qishlogʻimiz yoshlari ancha faollik bilan “Tashabbusli buyudjet”ning ovoz berish jarayonida ishtirok etdi, — deydi Qamashi tumani Qovchin mahalla fuqarolar yigʻini raisi Nasibali Omonov. — Qovchin va Yuqori yangi hamda Mangʻit qishloqlarini tutashtiruvchi ichki yoʻllarimiz asfalt boʻlganiga ancha yillar boʻlgan. Mahalla oqsoqolari bilan birgalikda bir necha bor qum-shagʻal yotqizib, taʼmirlash ishlarini olib bordik. Lekin, bir qishning oʻzida yana obgor ahvolga kelib qolardi. Shu bois shu yerda istiqomat qiluvchi yigitlardan biri Jahongir Mallayev oʻz tashabbusi bilan ishtirok etib, 1,8 kilometr asfalt yotqizish taklifini portalga joyladi. Bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda ovoz berish boshlanganida barchaning orzusi amalga oshgudek edi. Toʻplangan jami ovozlar soni 2162 taga yetdi. Ammo, yakunda gʻoliblar nomi eʼlon qilinganida, Qovchin qishlogʻidan qoʻyilgan loyiha kerakli ovozlar toʻplanmay qolganligi bois, ular safidan joy ololmay qoldi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Prezidentimizning “Tuman va shahar byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Qarorda 2000 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan loyihalar orasida bizning taklifimiz ham bor edi. Bu xushxabarni eshitib, toʻgʻrisi mahallamizda bayram boʻlib ketdi. Kattayu kichik Prezidentimizga rahmatlar aytmoqda. Hozirda xushxabardan xursand qishloq odamlari oʻzlari yoʻl boʻylariga hasharga chiqib, atroflarini tozalab, obodonlashtirishga ham hissa qoʻshmoqda.

Shahrisabz tumanidagi Xitoy mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Ommagʻon qishlogʻida ancha yildirki oqar suv muammosi barham topmay keladi. Qishloqda istiqomat qiluvchi aholi asosan tomorqada biror ekin ekishdan oldin suvni oʻylaydi. Bahorda bir - ikki bor ariqdan kelgan suv kunlar isishi bilan qurib qoladi. Shu bois xonadonlarda deyarli tomorqadan foydalanilmay kelinadi. Enlikda esa, bu yerda suv muammosi bartaraf etiladigan boʻldi.

Qishloq faollaridan biri Sunatillo Roʻziyev aynan “Ochiq byudjet” portalida ushbu muammoni yechish maqsadida oʻz taklifini qoʻydi. Ovoz toʻplash jarayonida esa koʻpchilik, yaʼni 5477 nafar fuqaro uning tashabbusini maʼqulladi. Bu esa dastlabki yakuniy bosqichda gʻolib boʻlishga asos boʻldi. 998 milion soʻmlik mablagʻ evaziga qishloqqa suv keltiriladi. Bu degani har bir xonadonga yana obihayot kirib boradi.

— Yil sayin fuqarolar takliflarining amalga oshish imkoniyati kengaymoqda, — deydi Qashqadaryo viloyati Moliya boshqarmasining “Tashabbusli byudjet” loyihasi boʻyicha masʼul hodimi Gulmurod Hakimov. —2021-yilda mazkur jarayonda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan loyihalar uchun Qashqadaryo viloyatida jami 33 milliard soʻm mablagʻ ajratilgandi. Bu yil esa, birinchi bosqichning oʻzida 102 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Viloyatimizda ilgari surilgan takliflarga 375 221 ta ovoz tshplanib, 186 ta loyiha boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 7-apreldagi qaroriga asosan, yana toʻrtta loyiha respublika davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boʻlindi.

Tashabbusi byudjet loyihasining birinchi bosqichi yakuniga yetgan boʻlsa-da, uning navbatdagi mavsumi uchun hozirlik ishlari boshlanib ketdi. Eng asosiysi, endilikda aholi bu borada keng tushunchaga ega boʻlib, oʻz tashabbuslarini ilgari surishga intilmoqda. Demak, hududlar obodligi, yoʻllarning ravon va tekis boʻlishga hissa qoʻshish odamlardan hamjihatlik va faollikni talab etadi, xolos. Bu esa, xalqimizga xos azaliy odat. Natijalar esa, kuttirib qoʻymayapti. Shu bois Qashqadaryoning ham olis mahallariga ham tashabbus shukuhi kirib bormoqda.

LOYIHALAR IJROSI QANDAY NAZORAT QILINADI?

Prezidentimizning qaroriga muvofiq, qoʻshimcha gʻolib deb topilgan loyihalarga jami 480 mingdan ortiqroq ovoz berilgan. Ularning sohalar boʻyicha taqsimotiga koʻra, 76 ta umumtaʼlim maktabini joriy taʼmirlash va jihozlash, 23 ta mahallada ichimlik suvi tizimini yaxshilash, 13 ta maktabgacha taʼlim muassasasi hamda 5 ta sogʻliqni saqlash tashkilotini taʼmirlash va jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

Ushbu qarorning imzolanishi natijasida 2022-yilning birinchi yarim yilligi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida fuqarolar tomonidan berilgan jami 6 million 718 mingdan ortiq ovozning 4 million 871 mingdan ortigʻi yoki ularning 72,5 foizini gʻolib takliflarga ovoz berganlar tashkil etmoqda.

Hujjatda nainki qoʻshimcha ravishda kiritilgan, balki har yili holib deb topilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qatʼiy vazifalar belgilangan. Yaʼni:

– tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari — har chorak yakuni boʻyicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va bajarilishini baholab boradi;

– tuman va shahar hokimlari tomonidan har oy yakuni bilan kelgusi oyning 10-sanasiga qadar ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning moliyalashtirilishi va bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni jamoatchilikka eʼlon qilinishi taʼminlanadi;

– jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan hokimlarning hisobotlari Oliy Majlis Senatida har chorak yakunida eshitib boriladi;

– gʻolib deb topilgan loyihalarning bajarilishini Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi har yili yakunlariga koʻra yakuniy nazoratdan oʻtkazadi.

— Har bir gʻolib deb topilgan taklif uchun tuman va shahar gʻaznachilik boʻlimlarida alohida hisobraqamlar ochiladi va mazkur hisobraqamlarga tegishli mablagʻlar oʻtkazib beriladi, — deydi Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azimjon Hasanov. — Joriy oyning oʻzidan ishlar amalga oshirila boshlanadi. Pudratchi tashkilotlarni aniqlash va loyiha smeta hujjatlarini tayyorlash ishlariga kirishiladi.

“Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi bosqichi shu yil iyul oyida start oladi. Unda ham mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaro tashabbuskor va ovoz beruvchi boʻlib ishtirok etishi mumkin. Birinchi mavsumda ishtirok etgan va yetarli ovoz toʻplay olmagan loyihalar dolzarbligini yoʻqotmagan boʻlsa, ikkinchi mavsumda takroran ilgari surilishi mumkin. Bundan tashqari, aholi va tegishli hokimlik organlari tomonidan dolzarbligi yuqori, deb topiladigan boʻlsa, mazkur tashabbuslar davlat yoki mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan ham moliyalashtirilishi mumkin.

Prezidentimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlangan qoʻshimcha 139 ta loyiha va respublika byudjetidan ajratilgan 85,4 milliard soʻm buning amaliy tasdigʻidir. Shu bois Moliya vazirligi fuqarolarga murojaat etar ekan, “Tashabbusli byudjet” jarayonining kelgusi bosqichlarida ham faol ishtirok etgan holda, oʻz hududlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etilishiga hissa qoʻshishga, tashabbus koʻrsatishga daʼvat etadi.

Abdurauf QORJOVOV,

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari