Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bugun barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasiga aylanib ulgurdi. Zero, har bir murojaat ortida inson huquqi, uning manfaatlari yotadi. Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida ham ushbu vazifaga alohida eʼtibor bilan qaraladi.
Raqamlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, joriy yilning oʻgan olti oyida Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyat boshqarmasiga jami 760 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 341 tasi virtual qabulxona orqali, 419 tasi esa bevosita jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning 668 tasi koʻrib chiqilgan va 270 tasi (40%) qanoatlantirilgan, 373 ta (55,8%) murojaat mualliflariga huquqiy tushuntirish berilgan, 12 tasi (0,1%) koʻrib chiqish uchun tegishliligi boʻyicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan, 10 tasi (0,1%) koʻrmasdan qoldirilgan boʻlsa, 3 tasi (0,04%) rad etilgan. Shuningdek, 92 ta murojaatlar (12%) oʻrganish jarayonida qolgan.
Koʻrib chiqilgan murojaatlar xususiyatiga koʻra tahlil qilinganda, 668 ta murojaatdan 510 tasi (76,3%) Davlat xizmatlari koʻrsatish sohasiga oid, 158 tasi (23,7%) esa sohaga taalluqli boʻlmagan murojaatlarni tashkil etadi.
Murojaatlarni koʻrib chiqishda birinchi navbatda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qanoatlantirishga, ularga amaliy huquqiy yordam berishga alohida eʼtibor berildi.
Xususan, Oʻrta Chirchiq tumani, “Adolat” mahalla fuqarolar yigʻini Matonat koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro D.I. joriy yilning may oyida turmush oʻrtogʻi bilan nikohdan oʻtmaganligi bois 2 nafar farzandiga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma ololmayotganliklarini bildirib, shu masalani hal etishda amaliy yordam berishni soʻragan. Murojaat muallifiga dastlab Oʻrta Chirchiq tuman FHDYO boʻlimidan nikohdan oʻtish uchun ariza berishi lozimligi tushuntirildi va ota-onaning nikohi tuman FHDYO boʻlimida qayd etildi. Shundan soʻng farzandlarining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq masalalar ham oʻz yechimini topdi.
Oqqoʻrgʻon tumani, “Hosildor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi N.A.ning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni” orqali qilgan murojaati ham hal etildi. Unda fuqaro 2010 va 2020-yillarda tugʻilgan farzandlarining hujjatlari toʻliq boʻlmaganligi va shaxsiy muammolari bois, farzandlariga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar ololmaganligini bildirgan. Oqqoʻrgʻon tuman FHDYO boʻlimi tomonidan fuqaro N.A.ning yolgʻiz ona haqidagi arizasiga asosan har ikkala farzandiga ham tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi.
Zangiota tumani, Harakat mahallasida istiqomat qiluvchi A.R.
2015-yilda tugʻilgan farzandini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylash yuzasidan amaliy yordam soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilgan. Boshqarma mutaxassislari tomonidan mazkur murojaat atroflicha oʻrganilib, A.R.ning farzandiga tumandagi
2-sonli MTMga yoʻllanma taqdim etildi.
Shuningdek, Oʻrta Chirchiq tumani, “Qorasuv” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi K.D. koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan qilingan murojaatida kadastr guvohnomasi xato yozilganligi va muddatidan oʻtib ketganligini, ancha vaqtdan buyon sarson boʻlayotganligini bildirgan. Mazkur murojaat ham nazoratga olinib, viloyat kadastr boshqarmasining masʼul xodimlari orqali yashab turgan uy-joyining hujjatlari tayyorlab berildi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qonun talablaridan kelib chiqqan holda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari yuzasidan qilgan murojaatlar muntazam tahlil qilib borilmoqda, deya maʼlumot beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi yuriskonsulti Dilshod Sharapov.