Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga kelib tushgan murojaatlar oʻrganilganda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini soʻndirish uchun biriktirilib, mablagʻlar yechib olish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi aniqlangan.
Bunday amaliyotni yoʻlga qoʻygan “Davrbank”ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qoʻllanildi. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablagʻlarni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qoʻyish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablagʻlarni qaytarib berilishini taʼminlash vazifalari yuklatildi.
Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarining insofsiz xizmat koʻrsatish amaliyotlariga qarshi turadi hamda kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan soʻndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqiradi.
Barcha tijorat banklariga “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 57-moddasida bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi uchun bankka nisbatan choralar koʻrilishi belgilanganligini eslatib oʻtamiz, deyiladi xabarda.