Prezidentning “Soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–364-son, 28.11.2025-y.)ga koʻra, bunda quyidagilar doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi:

  • jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda toʻlangan daromad soligʻi, mol-mulk va yer soligʻi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
  • toʻlangan soliqlar evaziga Davlat byudjetidan amalga oshirilgan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

2026-yil 1-yanvardan Namanganda yangi soliq boshqaruvi modelini joriy etish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutgan holda eksperiment oʻtkaziladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va (yoki) yer soligʻi boʻyicha 1 mln soʻmdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanishni joriy etish;
  • soliq organlari faoliyatini baholashda inson omili taʼsirisiz avtomatik shakllanadigan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini joriy etishni tizimli davom ettirish.

2026-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad boʻyicha toʻlangan soliq toʻliq miqdorda mulk joylashgan tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga yoʻnaltiriladi.