Qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish
va qoʻshimchalar kiritilyapti.

Kiritilayotgan yangilik orqali fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish kuchaytirilyapti.

Yaʼni, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunda nogironlik pensiyalari I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, shuningdek Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib boʻlish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga ham tayinlanishi belgilanyapti.

Taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan yetim bolalarga 23 yoshga toʻlgunga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqi berilyapti.

Mamlakatimiz hududida karantinli vaziyat yuzaga kelib, cheklov choralari qoʻllanilgan taqdirda, fuqarolar pensiya tayinlashni soʻrab
oʻz vaqtida murojaat eta olmay, cheklovlar tugatilganidan keyin bir oy ichida murojaat etsa, ularga pensiya olish huquqi yuzaga kelgan kundan eʼtiboran pensiya tayinlanishi nazarda tutilyapti.

Bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqtini ish stajiga qoʻshib hisoblash jami davri 3 yildan 6 yilga oʻzgartirilyapti.

Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirishga koʻra endilikda avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega ekanligi belgilanyapti.

“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirish bilan Savdo-sanoat palatasiga mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarini tasdiqlash vakolati berilyapti.

Soliq kodeksiga Oʻzbekiston hududiga oʻsimlik yogʻi, mol, qoʻy va tovuq goʻshti, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq kabilarni olib kirish
va realizatsiya qilish boʻyicha aylanma 2021-yil 10-oktyabrdan 2022-yil
30-aprelga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilyapti.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.