Unda fuqarolar yigʻini raisining toʻrtta oʻrinbosari lavozimlari, shuningdek, fuqarolar yigʻinining oltita komissiyasi hamda “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi tugatilib, endilikda, fuqarolar yigʻini raisining uchta oʻrinbosari, ikkita maslahatchisi va bitta mutaxassis lavozimlari kiritilgani hamda fuqarolar yigʻinining ikkita yangi komissiyasi tashkil etilgani belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan fuqarolar yigʻinlari faoliyati samaradorlgini baholashning reyting tizimi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi. Unga koʻra, reyting baholash Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan har yarim yillik yakun boʻyicha “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida oʻtkaziladi. Reyting baholash 100 ballik reyting tizimi asosida amalga oshiriladi va “namunali”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” fuqarolar yigʻinlari aniqlanadi. “Namunali” deb topilgan fuqarolar yigʻinlarining xodimlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslar moddiy ragʻbatlantiriladi. Ularning ijobiy ish tajribasi boshqa fuqarolar yigʻinlari oʻrtasida ommalashtiriladi. Yil yakuni natijalari boʻyicha ularga respublika hududidagi sanatoriylardan birida sogʻligʻini tiklash uchun bir marotabalik bepul yoʻllanma berish amaliyoti saqlab qolinadi.

Faoliyati “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” deb topilgan fuqarolar yigʻinlarining faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha har uch oy muddatga moʻljallangan harakatlar dasturi ishlab chiqiladi va u tuman (shahar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektor rahbari hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi tomonidan tavdiqlanadi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi “22-mart — Mahalla tizimi xodimlari kuni” bayrami arafasida tavsiya etilgan 14 ta fuqarolar yigʻinlari xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslarni faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlaydi.

Profilaktika inspektorlari (katta inspektorlar)ning jinoyatchilikni oldini olishdagi faoliyatini baholash esa ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.