Fuqarolarni chuv tushirib kelgan “soxta makler” qoʻlga olindi

    U oʻzini “Uy egasi” sifatida tanishtirgan holda, oldindan boshlangʻich toʻlov sifatida pullarni oʻtkazib olib, yozishmalarni oʻchirib yuborish orqali boylik orttirib kelayotgani maʼlum boʻldi.

    Toshkent shahri, Yunusobod tumanida yashovchi 56 yoshli Z.M. murojaat qilib, oʻz arizasida nomaʼlum shaxs Telegram messenjeri orqali oʻzini goʻyoki ijara uchun eʼlon qilingan uy egasi sifatida tanishtirib, uning ishonchiga kirish orqali, oldindan toʻlovni bir qismini berishni aytib, uning bank kartasidan 1 mln 500 ming soʻm miqdoridagi pullarni aldov yoʻli bilan oʻtkazdirib, suhbat yozishmalarini oʻchirib yuborganini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Toshkent viloyati, Sergeli tumanida yashovchi 24 yoshli F.D. sodir etgani aniqlandi.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan F.D. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali oʻzini “Uy egasi” sifatida tanishtirgan holda, ularni qiziqtirib, oldindan boshlangʻich toʻlov sifatida pullarni oʻtkazib olib, yozishmalarni oʻchirib yuborish orqali qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, F.D.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.