Namangan shahridagi konsalting firmalaridan birining rahbari mahalliy fuqaroni tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga yuborishga ishontirgan. Ushbu xizmati evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 1,5 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, shaharda faoliyat yurituvchi boshqa bir konsalting firmasining ish yurituvchisi ham shunga oʻxshash jinoyat ustida qoʻlga tushdi. U Toʻraqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Latviya davlatiga ishga yuborishni vaʼda qilib, 2 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida huquq-tartibot idoralari tomonidan toʻxtatilgan.

Hozirda har ikki holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddi idoralar fuqarolardan xorijga ishga yuborish bilan bogʻliq shubhali takliflarga aldanib qolmaslikni soʻraydi. Chet elda mehnat qilish istagida boʻlganlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi yoki tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.