Furqat Sidiqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Bosh kotibi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 31 Yanvar 2023 1179

    2023-yil 30-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Furqat Sidiqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    YeTTB Oʻzbekistonning yetakchi xalqaro moliyaviy va strategik sheriklaridan biridir. YeTTB Oʻzbekistondagi 120 dan ortiq loyihalarga jami 3,7 milliard yevro investitsiya kiritgan. Mablagʻlar iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va modernizatsiya qilish hamda boshqa sohalarga yoʻnaltirilgan.

    Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston va Bank oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Xususan, YeTTB Boshqaruvchilar kengashining shu yil may oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan 32 yillik yigʻilishini oʻtkazish masalalari muhokamasiga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    YeTTB 1991-yil 28-martda tashkil etilgan boʻlib, uning Bosh qarorgohi Londonda joylashgan. Oʻzbekiston 1992-yil 30-apreldan boshlab YeTTB aʼzosi hisoblanadi .