Bu haqda viloyat hokimining tekstil sohasi korxonalariga mato bo‘yash liniyasi uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Turkiyaning «BENEKS» kompaniyasi hammuassisi Tunjay Birben va mahalliy ishbilarmon, «Tanteks Grupp» kompaniyasi rahbari Nodirbek Hoshimov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida kelishildi.

Rejaga ko‘ra, ip yigirishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha qamrab oladigan ushbu yirik tekstil majmuasiga dastlabki bosqichda 23 million dollar investitsiya yo‘naltirilib, 1 000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bunda matolarni bo‘yash hamda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ikkinchi bosqichda yana 12 million dollar investitsiya jalb qilinib, yangi yigiruv fabrikasi barpo etiladi.

Tekstil korxonalari uchun bo‘yash va pardoz berish uskunalari ishlab chiqarishda Turkiyaning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan «BENEKS», 1988-yildan beri «Raqobat narxda emas, sifatdadir» shiori ostida faoliyat yuritib keladi. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 75 foizdan ortig‘i eksportga yo‘naltiriladi. AQSh, Braziliya, Meksika, Hindiston kabi dunyoning 15 ta mamlakatida, shu jumladan O‘zbekistonda ham o‘z vakolatxonasiga ega. «BENEKS» kompaniyasi 2019-yilda Turkiyada «Mashinasozlik sohasida eng yaxshi innovatsion yechim» mukofoti bilan taqdirlangan.

2017-yilda tashkil etilgan «Tanteks Grupp» kompaniyasi paxtadan kalava ip hamda trikotaj gazlamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ixtisoslashgan bo‘lib, 100 milliard so‘mdan ortiq yillik mablag‘ aylanmasiga ega. Kompaniya mahsulotlarining xorijga eksport hajmi 8,5 million dollarga teng. Moskva shahrida joylashgan o‘z savdo uyi orqali Rossiyaga matolar eksportini amalga oshirib keladi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.