Futbolchilarimizning Osiyo va Evropa jamolarida o'ynashi asta-sekin oddiy holga aylanib bormoqda. Kecha sport jurnalisti Omar Yosin tvitterdagi sahifasida hamyurtimiz Jaloliddin Masharipov keyingi mavsumni Misrda o'tkazishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi.
Uning yozishicha, Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubi Masharipovni keyingi yil 2 million dollarga sotish sharti bilan Misrning “Al Ahli” klubiga ijaraga berish bo'yicha kelishuvga erishgan. Qohira klubi futbolchining bir yillik ijarasi uchun Saudiya klubiga 600 ming dollar to'lashi, Masharipovning o'zi esa Misr jamoasida bir yilda 1,5 million dollar maosh olishi aytilgan.
Ma'lumot uchun aytish lozimki, “Al Ahli” bu yil Misr birinchiligida chempionlikni asosiy raqobatchisi “Zamalek”ga boy berib qo'ydi. Shuningdek, Afrika Chempionlar ligasi finalida Marokashning “Vidad” klubiga yutqazdi. Klub Afrika CHempionlar ligasida eng ko'p – 10 marta g'oliblikni qo'lga kiritgan.