“Future Skills Uzbekistan” — axborot texnologiyalari sohasida yoshlarga qaratilgan yirik loyiha

    Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va IT-Parkning yangi qoʻshma loyihasi — “Future Skills Uzbekistan”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Loyiha respublika boʻyicha 10 ta yoʻnalishda 1000 dan ortiq IT-mutaxassislarini tayyorlash va ularni ish bilan taʼminlash yoki oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlashiga (frilansing) yordam beradi.

    Loyiha axborot texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlashda professional tizimni takomillashtirish, mehnat bozorida malakali IT-mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish, shuningdek, “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholining kundalik hayotiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni taʼminlash maqsadida tashkil etildi. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov va Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi direktori (IT-Park) Farhod Ibragimov ishtirok etdi.

    Loyihaning ochilish marosimida boʻlajak IT-mutaxassislari uchun tanlangan taʼlim yoʻnalishlari haqida taqdimot oʻtkazildi. Ular veb-dasturlash, mobil ilovalarni ishlab chiqish, IT-xavfsizlik va tarmoq texnologiyalari, maʼlumotlar bilan ishlash, mobil oʻyinlarni ishlab chiqish, mobil robototexnika, grafik dizayn, 3D modellashtirish, ingliz tili va IT -menejment yoʻnalishlaridan iborat.

    Bundan tashqari, marosim ishtirokchilari mamlakat boʻylab oʻqish tashkil etiladigan barcha joylar, roʻyxatdan oʻtish usuli, tanlov mezonlari va toʻlov mexanizmlari, shu jumladan ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarda yashavchi shaxslarga oʻqish uchun beriladigan imtiyozli kvotalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Loyiha taqdimotida alohida eʼtibor 9 oylik oʻqish va amaliyotni yakunlagandan soʻng bandlik va oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlash (Frinlansing) istiqbollariga qaratildi.

    Marosim yakunida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va IT-Park oʻrtasida Memorandum imzolandi hamda ishtirokchilar loyiha boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.