Loyihadan koʻzda utilgan maqsad — axborot texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlashda professional tizimni takomillashtirish, mehnat bozorida malakali IT -mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish, shuningdek, “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholining kundalik hayotiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni taʼminlashdan iborat.
Loyihaning eʼlon qilinishiga bagʻishlangan tadbirda barcha taklif etilgan mehmonlarga boʻlajak IT -mutaxassislari uchun tanlangan taʼlim yoʻnalishlari, masalan, veb-dasturlash, mobil ilovalarni ishlab chiqish, IT -xavfsizlik va tarmoq texnologiyalari, maʼlumotlar bilan ishlash, mobil oʻyinlarni ishlab chiqish, mobil robototexnika, grafik dizayn, 3D modellashtirish, ingliz tili va IT -menejment yoʻnalishlari haqida taqdimot boʻlib oʻtdi.
Bundan tashqari marosim ishtirokchilari mamlakat boʻylab oʻqish tashkil etiladigan barcha joylar, roʻyxatdan oʻtish usuli, tanlov mezonlari va toʻlov mexanizmlari, shu jumladan, ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga hamda kam taʼminlangan oilalarda yashovchi shaxslarga oʻqish uchun beriladigan imtiyozli kvotalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot oldi. Loyiha taqdimotida alohida eʼtibor 9 oylik oʻqish va amaliyotni yakunlagandan soʻng bandlik va oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlash istiqbollariga qaratildi.
Taklif etilayotgan loyiha respublika boʻylab 10 ta yoʻnalish boʻyicha mingdan ortiq IT-mutaxassislarini tayyorlash va ularni ish bilan taʼminlashga yordam beradi.
Marosim yakunida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va IT Park oʻrtasida Memorandum imzolandi hamda loyiha boʻyicha savol-javob uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.