6-avgustda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida Jahon chempionatini yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasida masʼullar ishtirokida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda Turizm qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasidan musobaqani oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita aʼzolari ishtirok etdilar. Matbuot anjumanida dastlab, musobaqani keng targʻib etishga qaratilgan videorolik taqdimoti oʻtkazildi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, jahon chempionati ishtirokchisi sifatida mamlakatimizga 23 ta davlatdan sportchilar delegatsiyalari tashrif buyuradi. Bundan tashqari jahon chempionatini bevosita Oʻzbekistondan yoritib borish uchun 5 ta qitʼa davlatlaridan yuzlab jurnalistlar va blogerlar tashrif buyuradi. Shuningdek, oʻz yurti futzalchilari uchun muxlislik qilish maqsadida bir necha oʻn minglab ishqibozlarni mamlakatimizda qabul qilish kutilyapti.
Bugungi kunda futzal musobaqalari oʻtkaziladigan shaharlarda sayyohlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha barcha shart-sharoitlar qayta koʻzdan kechirilyapti. Shuningdek, yurtimizning bir qator tarixiy maskanlari Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz kabi shaharlarimiz ham oʻzida sayyohlar oqimini qabul qilishga tayyor, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.