FVV aholiga murojaat bilan chiqdi

    Dolzarb 16 Oktabr 2023 1264

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga murojaat qildi.

    Bu FVV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

    "Tabiiyki, havo haroratining pasayib, kunlar sovishi natijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilgʻida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi. Ulardan foydalanishda eʼtiborsizlik tufayli yoki nosoz, nostandart isitish moslamalarini ishlatish natijasida is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yongʻinlar sodir boʻlishi mumkin.

    Bunday holatlarga tushmaslik uchun uy-joy sektorlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlaridagi gaz, elektr va boshqa yoqilgʻida ishlovchi isitish moslamalarini soz hamda shay holatga keltirish choralarini mavsum boshlanishidan avval amalga oshirish zarur. Aks holda isitish moslamalari bilan bogʻliq turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.

    Mamlakatimizda mavsum davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish lozimligi munosabati bilan Sizlardan qish mavsumida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻin, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni soʻrab qolamiz:

    • tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;
    • elektr xoʻjaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega boʻlgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
    • isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va ular dudburonlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini koʻzdan kechiring va dudburon orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qarating;
    • isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida oʻrnatilishi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
    • nosoz, qoʻlbola isitish moslamalaridan foydalanmang, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yoʻriqnomasidan foydalaning;
    • isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
    • gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
    • gaz taʼminoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan oʻtkazib, ularga texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil eting;
    • gaz uskunalarini ulash boʻyicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
    • yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
    • gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning oʻchib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga eʼtibor bering.

    Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini koʻring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yongʻin sodir boʻlgan taqdirda, yongʻin-qutqaruv xizmatining “101” yoki “1050” telefon raqamiga xabar bering.

    Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz oʻzingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni turli baxtsiz hodisalar va yongʻindan asrab qolgan boʻlasiz», deyiladi marojaatnomada.