Mutassaddilar maʼlum qilishicha, quyosh urishi asosan ochiq havoda quyosh nurlari toʻgʻridan-toʻgʻri tushganda roʻy beradi. Biroq uning taʼsiri 6-8 soatdan keyin ham kuzatilishi mumkin.
Shu bois aholiga quyidagi tavsiyalar beriladi:
- Iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 gacha quyosh toʻgʻridan-toʻgʻri tushadigan joylarda yurmang.
- Faqat tabiiy matodan — paxta, kendir kabi matolardan tayyorlangan yengil kiyimlar kiying.
- Yorqin rangli, yengil bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqing.
- Suv ichishda meʼyorga rioya qiling — koʻp suvni birdaniga ichish yurakka ortiqcha yuklama beradi. Tavsiya etiladigan ichimliklar: damlangan choy, turli sharbatlar, mineral suv. Albatta, uydan chiqqanda suvni oʻzingiz bilan olib yuring.
- Quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning.
- Quyoshda boʻlib qaytgach, albatta dush qabul qiling yoki hoʻl sochiq bilan arting.
- Och qoringa yoki ovqat yeb boʻlgandan soʻng darhol quyosh ostida qolmang.
Quyosh yoki issiq urishi belgilari:
- Darmonsizlik, charchoq, bosh ogʻrigʻi va qattiq chanqash.
- Bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada ogʻriq, yurak urishi va nafas olish tezlashishi.
- Baʼzida koʻngil aynishi, qayt qilish, ortiqcha terlash yoki aksincha, ter chiqmasligi.
- Ogʻir holatlarda hushdan ketish, tutqanoq yoki gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.
Quyosh yoki issiq urganda birinchi yordam:
- Bemorni darhol soya yoki salqin joyga olib oʻtib, chalqancha yotqizing, boshini biroz koʻtaring.
- Kiyimini yengil qiling, havo aylanishi uchun sharoit yarating.
- Agar hushida boʻlsa, oz-ozdan sovuq suv yoki damlangan choy ichiring (suvga yarim litrga yarim chay qoshiq tuz solish mumkin).
- Boshiga yoki tana qismiga sovuq nam sochiq qoʻying.
- Qoʻltiq osti, chov yoki tizza orqasiga muz yoki sovuq suv toʻldirilgan idish qoʻyish mumkin.
- Ogʻir holatlarda bemorni yaqin shifoxonaga olib borish yoki tez yordam chaqirish zarur.
Mutasaddilar eslatadi: quyosh urishida yordamni oʻz vaqtida va toʻgʻri koʻrsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkin.









