Katta hajmga va yuqori tezlikka ega boʻlgan sel oqimi yoʻlidagi barcha binolarni, aholi yashaydigan uylarni, gidrotexnik inshootlarni buzib, qishloq xoʻjalik ekinlarini, bogʻlarni payxon qiladi. Odamlar hayotiga jiddiy xavf tugʻdiradi.

Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha togʻ va togʻ oldi hududlari sel xavfi mavjud zonalar toifasiga kiritilgan. Xususan, Namangan, Fargʻona, Surxondaryo, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlari suv toshqini — sel xavfi mavjud hududlar hisoblanadi.

Sel oqimi vujudga kelishi aprel va may oylariga toʻgʻri keladi. Bu davrda togʻ va togʻ oldi hududlarida koʻp yomgʻir yogʻishi kuzatilgan.

Sel xavfi boʻlganda aholi qanday harakatlanishi kerak? Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada tavsiya ishlab chiqdi:

- Sel xavfi boʻlgan hududlarda yashovchi har bir kishi uning uyi, xoʻjaligini sel kelish hududida joylashganligi haqidagi maʼlumotga ega boʻlishi kerak va “Oʻzgidromet”, FVV, hokimiyatlar vakillari tomonidan berilgan koʻrsatmalardagi sel va suv toshqinidan himoya qilish yoʻl-yoʻriqlariga, albatta, amal qilishi lozim.

- Sel oqimining oʻtishi va uning oqibatlari katta moddiy zarar keltirib, odamlar hayot va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin.

- Sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi toʻgʻrisida habar eshitgandan soʻng darxol xavfsiz joyga koʻchish harakatlarini qilish kerak. Sel oqimining tez fursatda shakllanishi, uning tezligini hisobga olgan holda, xabar tarqatish va muhofaza tadbirlarini bajarish uchun vaqt juda chegaralanganligini (bir necha daqiqadan 10-20 daqiqagacha boʻlishi mumkin) doimo yodda tutish lozim.

- Sel oqimidan xalos boʻlishning iloji boʻlmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror balandroq moslamalar ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat vaqt davom etishi mumkin.

- Sel oqimi oʻtgandan soʻng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv taʼminotining sozligini tekshirish zarur.

Sel oqibatlarini kamaytirish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar

- Doimo sel — suv toshqini roʻy berishi ehtimoli boʻlgan hududlarda joylashgan uy-joylar va boshqa obyektlar roʻyxati aniqlanib, aholiga yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatilgan tegishli tavsiyanomalar tarqatiladi.

- Sel oqimi xavfi boʻlgan qayirlarda ishlab chiqarish muassasalari va uy-joylarini ishonchli muhofaza inshootlari boʻlmagan va “Oʻzgidromet” bilan kelishilmagan holda qurish qatʼiyan man etiladi.

- Sel xavfi yuzaga kelganda kuzatuv va xabar berish xizmati tashkil etiladi.

- Quyidagi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi: yonbagʻirlarda erga koʻndalangiga ishlov berish, togʻ yonbagʻirlarini pogʻona-pogʻona qilish, togʻ adirlarida suv yoʻllari ochish, yer haydalib ekiladigan ekinlarni ekishga yoʻl qoʻymaslik, yemirilishga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, daryo oʻzanlari, togʻ adirlarida oʻrmonchilikni tashkil etish va ularni saqlash.

- Sel omborlari, selni ushlab turuvchi, selni boshqaruvchi va selga qarshi gidrotexnik inshoot — selxonalarni qurish ishlari amalga oshiriladi.

Gidrometeorologik hodisalarni kuzatish va nazorat qilish “Oʻzgidromet” va uning boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Koʻp yillik kuzatishlar mobaynida Oʻzbekiston hududida sel toshish ehtimoli aprel-iyun oylarida birmuncha faollashuvi qayd etilgan.