Inspeksiya tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida jami 40 mindan ziyod profilaktik tadbirlar oʻtkazildi, sohada qonunbuzilishlar oldini olish, bajarilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan targʻibot va tashviqot ishlari olib borildi. Jumladan, don va don mahsulotlarini yetishtirish, qabul qilish, saqlash va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunbuzilish holatlari sodir etilishining oldini olish va bartaraf etish maqsadida “Oʻzdonmahsulot” AK tizim korxonalari va 200 dan ortiq xususiy don korxonalarining 360 nafar (muxandis-texnolog, laboratoriya boshligʻi hamda buxgalteriya xodimlari) moddiy javobgar shaxslari bilan seminarlar oʻtkazildi.
Profilaktika tadbirlari jarayonida aniq koʻrsatmalar va amaliy choralar koʻrib borilishi natijasida tadbirkorlik subyektlarida qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish don xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament talablariga rioya qilish boʻyicha qonunbuzilish holatlari oldi olindi. Korxonalar tomonidan davlat standartlari talablari asosida un mahsulotlari ishlab chiqarilishi, xalqimiz dasturxoniga sifatli non va non mahsulotlari yetkazib berilishi taʼminlanmoqda.
Shuningdek, “Gʻalla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosi boʻyicha respublika hududlardagi bugʻdoyni saqlashga mos yopiq sigʻimlarga ega don qabul qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlari belgilangan talablar asosida oʻrganildi. Oʻrganish natijasiga koʻra, 4 million tonnadan ortiq don saqlash sigʻimiga ega korxonalar roʻyxati shakllantirildi.
Bundan tashqari, tegishli tashkilot va idoralarga sohada huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan 28 mingdan ziyod ogohlantiruvlar va 1 793 ta taqdimnomalar kiritildi. 847 ta holatda materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudlarga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.