9-10-yanvar kunlari Oʻzbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismining shimoliy hududlari ustida shakllangan juda sovuq havo massasi kirib kelishi boshlandi.
Bugun kunduz kuni respublika hududining katta qismida qor yogʻadi, respublikamizning togʻoldi va togʻli hududlarini baʼzi joylarida kuchli boʻladi.
11-yanvarda faqat respublikamizning markaziy va sharqiy hududlarida jadalligi asosan biroz boʻlgan qor yogʻishi saqlanib turadi.
Keyinchalik hafta oxirigacha Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda.
10-11-yanvar kunlari Surxondaryo viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzida esa 23-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Sovuq havoning kirib kelishi Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha haroratning sezilarli darajada pasayishiga sabab boʻladi.
Haftaning oʻrtasiga kelib, harorat kechalari 12-17 daraja sovuqgacha, baʼzi joylarda 20 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari 5-10 daraja sovuqgacha, baʼzi joylarda 12 daraja sovuqgacha pasayadi. Eng kuchli sovuq respublika shimolida - kechalari 20-25osovuqgacha, Ustyurtda va Navoiy viloyatining choʻl hududlarida 27-30 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari 7-12 daraja sovuqgacha boʻlishi kutilmoqda.
Ushbu haftaning oxirigacha anomal (gʻayritabiiy) sovuq ob-havo saqlanib turadi.
Oʻzbekiston boʻyicha eng past harorat qiymatlari soʻngi marta 2008-yilning yanvar oyida kuzatilgan. Respublika hududi boʻyicha harorat 17-22 daraja sovuqgacha, baʼzi joylarda 24-26 daraja sovuqgacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va choʻl hududlarda 30-33 daraja sovuqgacha pasayishi qayd etilgan. Oʻsha yilda Toshkentda minimal harorat 17,4o sovuqni tashkil etgan.
1972, 1973, 1974 va 1977-yillarda respublika boʻyicha baʼzi joylarda yanada qattiq sovuqlar kuzatilgan. Shimolda va choʻl hududlarda bu yillarda harorat 33-38o sovuqga yetgan. Toshkentda 1974-yilning yanvar oyida havo harorati 18,6o sovuqgacha pasayishi qayd etilgan.