Gaz va elektr energiyasi uchun yil boʻyi kompensatsiya beriladi — arizalar qabul qilish jarayoni boshlandi

    Arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, mahalladagi ijtimoiy xodim va 1140 telefon raqami orqali qabul qilinadi.

    Qayd etilishicha, 2025-yil 1-maydan Oʻzbekiston boʻylab ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensatsiya toʻlash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Endilikda kompensatsiya faqat qish mavsumi (noyabr–fevral)da emas, har oyda toʻlab beriladi.

    Ehtiyojmand oilalar uchun 1-iyundan boshlab ariza topshirish boshlandi.
    Kompensatsiyalar quyidagi toifalarga mansub oilalarga beriladi:

    Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambagʻal oilalar reyestiriga kiritilgan oilalar – bunda oila aʼzolariga toʻgʻri keladigan oylik daromad 669 ming soʻmdan kam boʻlishi lozim.

    Shuningdek, ikki reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir aʼzoga 1 mln soʻmdan kam boʻlgan oilalar ham ushbu yordamdan foydalana oladi.

    2024-2025-yilgi isitish mavsumi uchun umumiy kam taʼminlangan oilalarga 313.6 mlrd soʻm yordam berilgan boʻlsa, endilikda bu tizim yanada kengaytirilib, 2025-yilda umumiy hisobda 1 trillion 330 milliard soʻm miqdorida kompensatsiya ajratilishi rejalashtirilgan.