“Gaz zapravka”lar faoliyati vaqtincha toʻxtatildi — Energetika vazirligi

    Energetika 12 Yanvar 2023 1211

    Tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish choralari koʻrilmoqda.

    Respublika boʻyicha anomal sovuq harorat davom etayotganligi sababli quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilmoqda.

    Shu munosabat bilan tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish choralari koʻrilmoqda.

    "Shu maqsadda, ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi hamda avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha toʻxtatildi.

    Shuningdek, ortadigan talabni toʻliq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel yoqilgʻisi mahsulotlari qoʻshimcha miqdorlarda sotuvga chiqariladi, shu jumladan zaxiralar hisobidan.

    Hurmatli vatandoshlar, havo harorati keskin sovigan shu kunlarda imkon qadar jamoat transportlaridan foydalanishingizni, zarurat boʻlmaganda uyda qolishingizni hamda xonadoningizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanishingizni iltimos qilamiz.

    Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz", deyiladi xabarda.