Gazlida neft va gaz konlaridagi quvurlarni oʻgʻirlayotgan toʻrt nafar shaxs ashyoviy-dalillar bilan qoʻlga olindi

    Bu haqda Boshqarma boshligʻi Xislat Nazirov zudlik bilan Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani IIBga xabar bergan.

    Ayni paytda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻi bilan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish maqsadida konlardagi maʼnan eskirgan quvurlarni yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Respublika aholisini tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarning qizgʻin pallasida, afsuski ayrim fuqarolar tomonidan gaz quvurlarini oʻgʻirlashga urinish holatlari uchrab turibdi.

    Joriy yilning 8-sentyabr kuni Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani “Uchqir”-“Qumli” yoʻnalishida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Andaqli” koniga qarashli 7-sonli quduq oldida turgan 4 dona D89 mm.li, 1 dona 10 metrli temir quvurlari nomaʼlum shaxslar tomonidan oʻgʻirlab ketilgan. Bu haqda Boshqarma boshligʻi Xislat Nazirov zudlik bilan Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani IIBga xabar bergan.

    Ushbu oʻgʻirlik voqeasidan soʻng, “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli konlar va quduqlardagi talon-tarojliklar hamda oʻgʻirliklarni oldini olish uchun qoʻriqlash ishlarini olib boruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga qarashli Buxoro viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi Romitan tumani boʻlimi xodimlari bilan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi masʼul xodimlaridan iborat guruh tashkil qilinib, maxsus qoʻriqlash-qidiruv tadbiri oʻtkazilgan.

    Ana shu tadbir jarayonida yana bir sodir boʻlishi mumkin boʻlgan oʻgʻirlikning oldi olindi, yaʼni “Kulbeshkak-Doyaxotin” yoʻnalishi hududi choʻllarida 4 nafar fuqaro I.O., K.H., B.H., O.T. gaz quvurlarini kesib olishayotgan vaqtida ushlanganlar.

    Hodisa roʻy bergan vaqtda gaz quvurlari ortilgan avtoransport vositasi ham borligi maʼlum boʻlgan hamda surishtiruv davomida ular quvurlarini shaxsiy ehtiyojlari uchun kesib olishayotganliklarini bildirishgan.

    Koʻrib turganingizdek, ayrim fuqarolar tomonidan gaz quvurlarining oʻzboshimchalik bilan kesib ketilishi, aholiga yetkazib beriladigan yoki qayta ishlashga yoʻnaltiriladigan tabiiy va suyultirilgan gazning yoʻqotilishiga sabab boʻlmoqda.

    Ular tomonidan kesib ketilgan nuqtalarni berkitish va taʼmirlash uchun qurilmalarning toʻxtalishi esa koʻp miqdorda tabiiy va suyultirilgan gaz yoʻqotilishiga sabab boʻlishi barobarida, mamlakat iqtisodiyotiga ham sezilarli zarar yetkazmoqda.

    Aniqlangan holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar va ashyoviy dalillar chora koʻrishlik uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

    Eslatib oʻtamiz, 2021-yilning 13-may kuni “Qumli”, “Savatli-Kulbeshkak” konlaridan, 27-iyun kuni “Kulbeshkak” va “Uchqir” konlaridan gaz kondensati va 5-iyul kuni “Uchqir” konidagi 214-sonli tabiiy gaz quduigʻining “uzel zadavka” qismida hamda mashʼala (fakel) quvurlarini oʻgʻirlangani hamda uni oʻgʻirlashda gumon qilinganlar aniqlangan edi.

    Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasiga koʻra, oʻgʻirlik jinoyati “...neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan boʻlsa”, besh yildan sakkiz yilgacha muddatda ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.