Gazlida yiliga 4,5 milliard kub metr gazni qayta ishlaydigan qurilma ishga tushiriladi

    Energetika 22 Oktabr 2020 1037

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasida propan butan aralashmasini olish qurilmasini qurish” boʻyicha qiymati 49,4 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirilyapti.

    Loyiha yiliga 4,5 milliard kub metr gazni qayta ishlashga ega boʻlgan yangi propan-butan aralashmasini olish qurilmasini qurish orqali yiliga 80,0 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi hamda 37,5 ming tonna kondensatni ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotlarga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.

    Ushbu loyiha doirasida, gazni seolitli quritish qurilmasi, suyultirilgan gazni qabul qilish, suyultirilgan gazni saqlash va isteʼmolchilarga yetkazish uchun sigʻimlar, propan-butan aralashmasini olish qurilmalarini, laboratoriya binolari va boshqalarni qurish koʻzda tutilgan.

    Ushbu loyihani jihoz va materiallar bilan taʼminlash maqsadida ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularning rasmiy vakillari bilan umumiy qiymati 13,9 million dollarga teng 18 ta xorijiy, hamda umumiy qiymati 128,34 milliard soʻmga teng 55 ta mahalliy shartnomalar tuzilgan boʻlib, hozirda barcha xorijiy va mahalliy shartnomalar boʻyicha moliyalashtirish amalga oshirilgan.

    Uskunalarni import asosida yetkazib kelish doirasida Ukrainaning “Sumskoye NPO” va “Turbogaz” zavodlari, Rossiyaning “Gidromashservis”, “AZSTRASTSTROY” va “Promresurs” zavodlari, Germaniyaning “Linde AG” va boshqa chet el zavodlari bilan shartnomalar tuzilgan.

    Bugungi kunda Bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” MCHJ tomonidan umumiy ishlarning 80,1 foizi bajarilgan.

    Qurilish-montaj ishlarini joriy yilning noyabr oyida yakunlash rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.