Tarix – insoniyatning ortga qaytarib boʻlmaydigan, qayta yozilmaydigan nodir oʻtmishi, kashf etilmagan buyuk xazina.
Ayonki, xolis va haqqoniy, adolatli yoritilgan tarixiy haqiqatlargina xalqning bebaho mulkiga aylanadi.
Shu maʼnoda shoʻrolar zamonida “gʻoyat ziddiyatli va murakkab shaxs” sifatida talqin qilingan harbiy arbob, maʼrifatparvar inson Joʻrabek Qalandar qori oʻgʻli taqdiri haqida mustaqillik davriga kelibgina toʻgʻri, xolis bahoni aytish imkoniga ega boʻldik.
Mazkur kitobda mualliflar bir yarim asrdan koʻproq davr avval Turkiston zaminida roʻy bergan hodisotlar, taxt va mansab, boylik talashish ortidan kelib chiqqan urush-nizolar, talotumlarni bugungi kun nazari bilan tahlil qilgan.
O'ylaymizki, ushbu tarixiy-hujjatli badia barcha qatlamdagi oʻquvchilarni keng mushohadaga chorlaydi.