Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazida “Genetika, genomika va biotexnologiyalarning zamonaviy muammolari” mavzusida VII Respublika ilmiy-texnik konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasining 25 dan ziyod ilmiy va taʼlim muassasalari olimlari ishtirok etdilar. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina va Armanistondagi 15 ga yaqin ilmiy-tadqiqot markazlari tadqiqotchilar qatnashdi.

— Konferensiya genomika, proteomika, bioinformatika; inson, hayvonlar va oʻsimliklar  genetikasi; molekulyar biotexnologiya yoʻnalishlarida oʻtkazildi. Konferensiya ishtirokchilari mazkur yoʻnalishlarning rivojlanishi bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalarga aloqador ilmiy ishlar haqida soʻz yuritdilar, maʼruzalar oʻqidi. Ishtirokchilar innovatsion imkoniyatlarga ega, kelgusida ishlab chiqarishga joriy etilishi mumkin boʻlgan ishlarni ham taqdim etdi. Taʼkidlash lozimki, tibbiyot va veterinariya boʻyicha tezislar soni oʻtgan yilgiga qaraganda koʻproq boʻldi, shuningdek xorijiy davlatlardan ishtirokchilar soni ham oʻsgani qayd etildi. Bu konferensiya mavqening oshayotgani hamda ilm-fan sohasida xalqaro munosabatlarning kuchayayotganidan dalolatdir, — deydi OʻzR FA Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Boʻriyev.  

Konferensiyada taqdim etilgan maʼruzalar ishtirokchilar oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi, faol munozaralarga sabab boʻldi. Yana bir muhim ijobiy jihati – konferensiyada yosh olimlar faol ishtirok etdil. 
Konferensiya yakunida xulosa qilinarkan, ilmiy anjumanga taqdim etilgan innovatsion gʻoyalarning aksariyati  ishlab chiqarishga joriy etilishi ehtimoli yuqori ekani aytib oʻtildi. Bundan tashqari xorijiy ishtirokchilari oʻzbekistonlik olimlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istagini bildirdi.