“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolari tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini joyida oʻrganish maqsadida Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida boʻldi.
Boshqaruv raisi belgilangan rejani bajarilishi hamda yanada yaxshiroq natijaga erishish uchun barcha qurilmalarni barqaror ishlashi, qurilmalarini modernizatsiya qilish loyihalarini holati bilan tanishdi.
Shuningdek, amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlarining holati muhokama qilinib, “Shoʻrtan” konining eng quyi qatlamlarini oʻzlashtirish maqsadida yangi “Terrigen-1” yura qudugʻini burgʻilashga tayyorgarlik jarayonlari oʻrganildi.
Taʼkidlash kerakki, 2021-yilda “Shoʻrtan” koni hududida “3D” seysmik-qidiruv ishlari olib borildi va konning imkoniyatlari sinchkovlik bilan oʻrganildi. Natijada, 300 dan ortiq quduqlarning maʼlumotlari tahlil qilinib, kompleks raqamli modellashtirish asosida yangi “Terrigen-1” qudugʻini burgʻilash uchun asos yaratildi.
“Shoʻrtan” koni hududi tarixda ilk bor 4750 metr quyi terrigen qatlamigacha tushiladi va shu chuqurlikka qadar burgʻilash ishlari amalga oshiriladi. Boshqaruv raisi bu oʻta muhim vazifa ekanligini barcha anglashi kerakligi hamda buning uchun zarur choralar koʻrilishini bildirdi.
Uglevodorodlarning yangi zaxiralarini oʻstirish hamda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan “GTL” zavodini xomashyo bazasini bilan taʼminlanishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Boshqaruv raisi tomonidan tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi va 2022-yilda ham burgʻilash ishlarini davom ettirish, quduqlarni ishga tushirish boʻyicha tegishli departament boshliqlari, pudratchi tashkilot vakillariga vazifalar belgilab berildi.
Ishning sifatli tashkil etilishi hamda chora-tadbirlarning belgilangan muddatda bajarilishi uchun “Ishchi guruh” aʼzolari, departament boshliqlari, boshqarma direktori, oʻrinbosarlari va mutaxassislariga alohida vazifalar berildi.
Eslatib oʻtamiz, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi yil yakuni bilan 9,0 mlrd kub metr, shundan dekabr oyida — 775,9 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish belgilangan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati