Ushbu delegatsiya rahbari Gerald Ripbergerning yurtimizdagi pandemik vaziyat borasidagi fikrlari bilan qiziqdik (1-qism):

— Oʻzbekistonga kelgan birinchi delegatsiyamiz koʻproq bu yerdagi vaziyat bilan tanishishga eʼtibor bergan boʻlsa, biz (ikkinchi delegatsiya vakillari) tibbiyot tizimini boshqarish sohasida hamkorlik olib borish yoʻnalishida aniq dasturlar bilan keldik.

Bir hafta davomida qator tibbiyot muassasalarida boʻldik. Shuningdek, koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar faoliyati bilan ham tanishdik. Tibbiyot xodimlarining “COVID-19”ga qarshi kurash boʻyicha olib borayotgan ishlarini kuzatib, tahlil qilmoqdamiz. Toʻgʻrisi, bu yerda koʻrganlarimiz bizni hayratga ham soldi.

Koronavirusga qarshi kurash choralariga davlat darajasida eʼtibor berilishi, virusning tarqalishini birmuncha jilovlay olishga imkon berganiga guvoh boʻldik. Infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash standartlari va protokolning oxirgi — yettinchi nashrini ham koʻzdan kechirdik. Ayrim jihatlarni inobatga olmaganda, Germaniyada “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash protokolining oxirgi nashridan farq qilmaydi.

Oʻzbekistonlik hamkasblarimizning tajribasi shunday murakkab vaziyatda halqaro hamkorlikning oʻrni beqiyos ekanini isbotlamoqda. Ushbu kasallikni davolash boʻyicha yiqqan bir necha oylik tajribamizni boʻlishib biz birgalikda harakat qilishimiz juda muhim.

Shoshilinch tibbiy xizmat sohasi vakili sifatida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bilan tanishishga qiziqqanimda uning binosining konstruksiyasi, arxitekturasi, reanimatsiya boʻlimlarining tuzilishi Germaniyaning klinikalariga oʻxshab ketishini sezdim. Surishtirsam, ushbu markaz nemis modeli boʻyicha qurilgan ekan. Bu yerda koʻrsatilayotgan xizmat darajasi ham yuqori ekani bizni quvontirdi.

Oʻzbekistonlik hamkasblarimizga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan, reanimatsiya boʻlimlarida sunʼiy nafas berish apparatida yotgan bemorlarning qon tahlillari natijalarini uch daqiqa davomida chiqarib beruvchi 5 dona mobil texnikani taqdim etdik. Bu uskuna yordamida shifokorlaringiz bemorlarga yana-da tezkor tibbiy yordam bera oladilar, degan umiddamiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.