Germaniyalik tomoshabinlarga Oʻzbekistonning veloturizm, togʻ turizmi va landshaft turizmi salohiyati bilan tanishish imkoniyati berildi.
Oʻzbekistonga velosayyoh sifatida kelgan koʻrsatuv mualliflari Nurota togʻlari, Amudaryo va Sirdaryo boʻylab sayohat qilib, mamlakat haqida hikoya qilishadi. “Qadimiy savdo yoʻllari boʻylab koʻzga tashlanuvchi qorli choʻqqilar Markaziy Osiyoda ”Samoviy togʻlar" deb nomlanadi.
Sayohat Oʻzbekistonning Nurota togʻ tizmasidan boshlanadi. Muallifning taʼkidlashicha, bu hududda turizm hali ham toʻliq rivojlanmagan va Yevropada bu mintaqadagi mamlakatlar haqida hanuz salbiy tasavvurlar koʻp, bunga esa Afgʻonistonning qoʻshni mamlakat ekanligi sabab sifatida koʻrsatiladi. Biroq mahalliy aholining mehmondoʻstligi va goʻzal landshaftlar mutlaqo hech qanday xavfga oʻrin qoldirmaydi. Sayyohlar oqimining u qadar koʻp emasligi esa bu yerlarning jozibadorligini yana-da oshiradi.
Afsonaviy Samarqand shahrida esa “Biwak” MDR jamoasi oʻzlarini “1001 kecha ertaklari”ga tushgandek his qilib, unga maftun boʻlishadi. Umuman olganda, ushbu qiziqarli film tomoshabinlarga Oʻzbekistonni ekoturizm kabi turizm turi rivojlangan mamlakat sifatida tanishish, shuningdek koʻp millatli Oʻzbekiston madaniyati, mehmondoʻstligi va toʻy anʼanalari haqida keng maʼlumot olish imkonini beradi.