“Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi oʻrtasida onlayn-uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Fevral 2023 962

    Joriy yil 13-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Germaniya Bundestagi bilan hamkorlik boʻyicha parlament guruhi va Bundestagning “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi oʻrtasida onlayn-uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, senatorlar, Bundestagning “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Oygen Shmidt va mazkur guruhning aʼzolari ishtirok etdi.

    Maʼlumki, “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi 1994-yilda tashkil etilgan. Guruh oltita davlat – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston uchun masʼul hisoblanadi.

    Uchrashuv davomida Germaniya Bundestagi va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyati tuzilmalarini qurishni qoʻllab-quvvatlashda Germaniya parlament tizimi tajribasini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

    Muhokamalar chogʻida S.Safoyev Oʻzbekiston va Germaniya parlamentlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar hamda parlament guruhlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar nechogʻli muhim ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    Suhbat yakunida parlamentlararo doʻstlik guruhlari doirasida muntazam ravishda muloqot oʻtkazish, navbatdagi uchrashuv kun tartibiga energetika xavfsizligi, ekologiya, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini kiritib muhokama qilishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.