Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qiluvchi Germaniya vizasiz Shengen zonasining yaxlitligini himoya qilish orqali avvalgi ssenariyni takrorlamoqchi emas. Ayni paytda, baʼzi mamlakatlar yana chegaralarni yopish jarayonini boshladi.
Vengriya seshanba kunidan boshlab barcha chet el fuqarolariga mamlakatga kirishni taqiqladi. Daniya boshqa davlatlardan sayyohlarning kirishini aprel oyidanoq cheklay boshlagandi. Finlyandiyada mamlakatga kirish nazorati qayta tiklandi. Bu roʻyxatga Ispaniya va Fransiya ham kiritildi.
Majburiy karantin va sinovlar haqida gap ketganda koʻpgina mamlakatlar bu boradagi ishlar Yevropa Ittifoqi tomonidan muvofiqlashtirilmasligi tufayli tashvishlanmoqda. Yevropa Ittifoqiga aʼzo har bir mamlakat qarorni oʻzi qabul qiladi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, Germaniyaning chegaralarni ochish bilan shugʻullanishga urinishi masalaning muhimligidan dalolat beradi.
“Aʼzo davlatlar bor, ular boshqa mamlakatda koʻchib oʻtish va yashash huquqiga ega boʻlgan Yevropa Ittifoqi fuqarolari va ularning oilalarini kamsitmaslik majburiyatini eʼtiborsiz qoldiradi. Yoki ular Yevropa Ittifoqi doirasida harakatlanish huquqiga ega boʻlgan uchinchi mamlakat fuqarolarining huquqini cheklaydi. Shengen chegaralar kodeksi juda aniq qoidalarga ega. Hukumatlar bunday qarorlar sababga mutanosib boʻlgan taqdirdagina nazoratni amalga oshirishi mumkin”, — dedi Yevropa siyosatini oʻrganish markazi mutaxassisi Serjio Karrera.
Koʻpgina deputatlar ushbu fikrga qoʻshiladi.
“Bu har bir Yevropa fuqarosi uchun, u qayerlik boʻlishidan qatʼiy nazar, juda muhimdir. U sayohat qilishni, biznes bilan shugʻullanishni, bilim olishni istaydi va biz ushbu huquqlarni taʼminlashimiz kerak”, — dedi deputat Eva Maydel.