Bavariya Bosh vaziri va kansler Angela Merkelning XDS/XSS hukmron alyansidagi sherigi Markus Zyoder lokdaun tufayli yopilgan tashkilot va muassasalar ishining tiklanishi bevosita emlangan fuqarolar sonining koʻpayishiga bogʻliqligini taʼkidladi.

“Toʻliq va cheksiz erkinlik — faqat emlash bilan. Emlashsiz biz tasavvur qilgan shaklda erkinlik boʻlmaydi”, — dedi siyosatchi.

Oʻz navbatida, Germaniya etika kengashi aʼzosi Volfram Xen Rheinischer Post gazetasiga bergan intervyusida oʻqituvchi va tarbiyachilarni majburiy emlashni taklif qilib, “zaif guruh bilan bogʻliq boʻlgan kasbni tanlaganlar alohida masʼuliyatga ega” dedi.

Garchi bolalar virusni kattalarga qaraganda xavfsizroq oʻtkazsalarda, ular tashuvchiga aylanishi va tibbiy sabablarga koʻra emlash mumkin boʻlmagan odamlar uchun xavf tugʻdirishi mumkin, dedi Xen.

Reynland-Pfals federal shtati tibbiyot birlashmasi rahbari Peter Xayns Rhein-Zeitung gazetasiga bergan intervyusida “emlanmagan fuqarolar himoya niqobini yechishi mumkin emas, stadionlar, suzish havzalari va doʻkonga niqobsiz bora olmaydi”, dedi.

Uning qoʻshimcha qilishicha, koronavirusdan toʻliq himoyalanmagan shaxslarning “taʼtilga chiqishlariga yoʻl qoʻymaslik kerak”. Uyushma rahbarining soʻzlariga koʻra, “Emlanmaganlarga bosim kuchayishi kerak, chunki ular atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradi”.

Germaniya Federativ Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining payshanba kuni bergan maʼlumotiga koʻra, Germaniya aholisining 40 foizdan ortigʻi koronavirusga qarshi toʻliq emlangan, deyarli 58 foizi kamida bitta emlashni olgan.

Saar va Shimoliy Reyn — Vestfaliya mintaqalari emlash boʻyicha yetakchi hisoblanadi. Bu yerlarda aholining 45,6 va 44,2 foizi toʻliq emlangan. Aksiya sharqiy mamlakatlarda sekinroq rivojlanib bormoqda. Faqat Meklenburg —Old Pomeraniya shtatida toʻliq emlanganlarning ulushi 40 foizdan oshadi.