Tadbir Mir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligi arafasida Oʻzbekiston Respublikasining Berlin shahridagi elchixonasi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakilligi hamda Gumboldt universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda Gumboldt universiteti Markaziy Osiyo boʻlimining professor-oʻqituvchilari va oʻzbek tilini oʻrganayotgan xorijlik talabalarning “Oʻzbek tili doʻstlari” klubi aʼzolari ishtirok etdi.

1810-yilda asos solingan Gumboldt universiteti Germaniyaning eng koʻhna va yirik oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi. 9 ta fakultet boʻlib, bugungi kunda ularda 38000 nafar talaba tahsil oladi. Universitetda dunyoga mashhur olimlar, jumladan, 29 nafar Nobel mukofoti laureatlari yetishib chiqqan va faoliyat koʻrsatgan.

1995-yilda universitetning Markaziy Osiyo boʻlimi tashkil etilib, xorijlik talabalar uchun dastlabki oʻzbek tili kurslari ochilgan. Kurslarni tugatgan talabalarning aksariyati Oʻzbekistonning siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy hayotiga oid mavzularda diplom yoki ilmiy ishlarini yozadilar.

Elchixonamiz tashabbusi bilan universitetda “Oʻzbek tili doʻstlari” klubi tashkil etilgan boʻlib, unga aʼzo boʻlgan xorijlik talabalar ishtirokida turli adabiy va madaniy tadbirlar oʻtkazib kelinadi. Shu bilan birga klub doimiy ravishda oʻzbek tilidagi badiiy va ilmiy risolalar, jumladan, oʻzbek tilshunosligi, adabiyotshunosligiga oid qoʻllanmalar, nasriy va sheʼriy asarlar, oʻzbek yozuvchilari hayoti va ijodiga oid kitoblar bilan taʼminlab kelinmoqda.

Universitetning Markaziy Osiyo boʻlimi Samarqand davlat chet tillari instituti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Oʻzbek tilini oʻrganayotgan talabalar Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) koʻmagida Samarqandda amaliy kurslarda qatnashishadi.

Bu galgi tadbir bir oz oʻzgacha boʻlib, unda Germaniyadagi vatandoshlarimiz ham qatnashdilar va xorijlik oʻzbek tili oshnolari bilan muloqot qilishdi. Bu, albatta, germaniyalik talabalarga ham amaliyot, ham qiziqarli tanishuv boʻldi. Xorijlik talabalar Oʻzbekiston haqida oʻzbek tilida qisqacha maʼlumotlar berdi hamda oʻzbek tilida oʻtkazilgan qiziqarli suhbat davomida milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

Tadbir ishtirokchilariga Alisher Navoiy gʻazallari toʻplamining nemis tilidagi tarjimasi taqdim etilib, undan xorijlik talabalar parchalar oʻqib berdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Gumboldt universiteti Sharq tillari boʻlimi oʻzbek tili oʻqituvchisi doktor Ayfer Durdu xonim oʻzbek tilini oʻrganish universitetda bugun anʼanaga aylangani, bu yerda nafaqat oʻzbek tilini balki, oʻzbek madaniyati, tarixi, urf-odatlari haqida ham keng bilim olish imkoniyati mavjudligini taʼkidladi.

Oʻtgan davr mobaynida bu yerda oʻzbek tilini oʻrgangan koʻplab talabalar Oʻzbekistonga tashrif buyurib, oʻz bilimlarini oshirish bilan birga oʻzbek adabiyoti, madaniyatiga oid magistrlik va doktorlik ishlarini yozganliklarini qayd etdi. Shuningdek, kelgusida talabalar bilan birgalikda Oʻzbekistonga safar qilib, universitetlar bilan aloqalarni kuchaytirish va yozgi kurslarda qatnashishni rejalashtirganliklarini maʼlum qildi.

Tadbirda Navoiy va Bobur hazratlarining gʻazallaridan namunalar oʻqildi. Eng faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Oʻzbek taomlari tortilgan dasturxon va osh mehmonlarga manzur boʻldi.

Kamoliddin BEDIYEV,

Oʻzbekiston Yoshlari Umumjahon assotsiatsiyasining
Germaniyadagi vakili

Berlin shahri