Tadbirdan koʻzlangan maqsad Germaniyadagi oʻzbekistonlik yoshlarni uyushtirish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyati rivojlanishiga koʻmaklashish, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarga faol jalb etish bilan izohlanadi.

Yurtdoshlarimiz Vazirlar Mahkamasining «Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»ning mazmun-mohiyati bilan tanishdilar. Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatimiz yoshlari jismonan sogʻlom va maʼnan yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishlariga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, yosh vatandoshlarimiz oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni dillariga tugib qoʻyishganini aytishdi.

Shu bilan birga, davra suhbati davomida oʻzbekistonlik yoshlarning oʻqish va ishlash sharoitlari, kelajakda koʻzlagan maqsadlari, vatandoshlarimiz roʻpara boʻlayotgan ayrim muammolar hamda ularning hal etilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Davra suhbati intihosida ana shunday masalalarni birgalikda hal etish, vatandosh-talabalarning ishga joylashishlariga koʻmak koʻrsatish, turli tadbirlar va tanlovlar oʻtkazish masalalarini muntazam muhokama qilishga daʼvat etilgan Germaniyadagi “Oʻzbekistonlik yoshlar klubi”ni hamda klubning Internet tarmogʻidagi sahifasini tashkil etishga kelishib olindi.

Tadbirdan soʻng ayrim oʻzbekistonlik yoshlar oʻzlarining quyidagi fikr-mulohazalarini bildirishdi:

Dilshod Umirov, Germaniyaning “Reisebank AG” kompaniyasi xodimi:

-Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtiborni har qadamda his qilaman. Ana shunday tabarruk zaminda tugʻilib oʻsganim, shu aziz Vatan farzandi ekanligimdan baxtiyorman. Zotan, keyingi yillar davomida yurtimizda yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol qilib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ezgu va katta eʼtiborga molik ishlar, tub islohotlarning koʻlami tobora kengaymoqda. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunini alohida taʼkidlash joiz, deb hisoblayman. Chunki ushbu hujjat mamlakatimizda yoshlarga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Abdulbositxon Anvarxonov, Gyote instituti talabasi:

Bosh konsulxona tomonidan tashkil etilgan bugungi tadbir tarixga muhrlandi. Chunki bugun Germaniyada ilk bor “Oʻzbekistonlik yoshlar klubi” tuzildi va uning istiqboldagi vaziflari kelishib olindi. Davra suhbati qiziqarli muloqot va bahs-munozaralarga boy boʻldi. Bundan biz juda katta taassurot oldik.

Germaniyada taʼlim olayotgan va ishlayotgan yoshlarga boʻlgan bunday eʼtibor, shubhasiz, bizni ikki karra koʻproq tirishqoqlik bilan oʻqish va izlanishga, astoydil mehnat qilishga, jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqi yoʻlida ishlab tolmaslikka undaydi.

Ruxsora Tolibjonova, Gyote institut talabasi:

- Bosh konsulxona tomonidan Germaniyada taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan “Oʻzbekistonlik yoshlar klubi” hamda Internet tarmogʻida maxsus platforma tashkil etilishini eshitib juda xursand boʻldim. Endi Germaniyada yashayotgan biz vatandoshlar ushbu klub atrofida birlashib, xalqimiz farovonligi va mamlakatmiz ravnaqiga oʻzimizning kamtarin hissamizni qoʻshamiz.