Robert Kox instituti Xalqaro sogʻliqni saqlash markazi direktori oʻrinbosari, Xalqaro sogʻliqni saqlash axborot markazi rahbari, doktor Andreas Yansen rahbarligidagi guruh Robert Kox institutining yetakchi ekspert va mutaxassislari, shuningdek, Frankfurt-Mayn va Dyusseldorf universitetlari klinikalarining yuqori malakali vrachlari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi vakillaridan tashkil topgan.

Germaniyalik mutaxassislar tashrifidan koʻzlangan maqsad yurtimizda COVID-19ga qarshi kurash borasida holatni tahlil etib, tegishli tavsiyalar taqdim etishdan iborat.

Shuningdek, ular Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, hamda qator viloyatlardagi ushbu sohaga ixtisoslashgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, koronavirusni aniqlash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy hamkasblariga amaliy koʻmak berishlarni rejalashtirgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.