11-16-may kunlari mamlakatimizga tashrif buyurayotgan 70 nafar eng yirik turistik operatorlaridan iborat DRV Germaniya turizm assotsiatsiyasi delegatsiyasini Toshkent shahar xalqaro aeroportida tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Sayohat davomida germaniyalik turoperatorlarni soʻnggi yillarda turizm sohasida olib borilgan islohotlar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirib, ular uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari, madaniy meros obyektlari, turizm qishloqlari va oilaviy mehmon uylari boʻylab info-turlar amalga oshiriladi.
Sayohat yakunida, joriy yilning 16-may kuni germaniyalik va oʻzbekistonlik turizm yoʻnalishi tadbirkorlari ishtirokida “Destination Forum” anjumani va B2B uchrashuvlar tashkil etiladi.
“Destination Forum” davomida Germaniyaning eng yirik sayyohlik agentliklari va turoperatorlariga yevropaliklar uchun Oʻzbekistonni ustuvor sayyohlik yoʻnalishi sifatida tanishtirishga qaratilgan taqdimotlar oʻtkaziladi.