Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun mamlakatimizdagi mavjud suv xoʻjaligi obyektlarini texnik soz holatda saqlash, ularning xavfsizligini taʼminlash va ulardan ishonchli foydalanish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda suv xoʻjaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1 688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa obyektlar mavjud. Suv xoʻjaligi obyektlarining aksariyat qismidan 40 yildan ortiq foydalanib kelinadi. Bu esa ularni oʻz vaqtida taʼmirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlarini amalga oshirish, texnik soz holatda saqlash hamda ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini taʼminlashni talab qiladi.
Shu munosabat bilan ushbu Qonunda gidrotexnika inshootlari xavfsizligining asosiy prinsiplari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari nazarda tutiladi. Bundan tashqari, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash sohasida chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish masalalari oʻz aksini topadi.
Shuningdek, Qonun bilan gidrotexnika inshootlari xavfsizligini taʼminlash yuzasidan foydalanuvchi tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, buyurtmachi tashkilotlarning, loyiha va pudrat tashkilotlarining majburiyatlari belgilanadi.
Shu bilan birga, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlashga doir asosiy talablar kiritilyapti. Xususan, gidrotexnika inshootlarini bir vaqtning oʻzida (muvoziy) loyihalashtirish va qurish, rekonstruksiya qilish taqiqlanadi.
Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, tender yoki tanlov hujjatlarida ishtirokchilarga gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash sohasidagi amaliy tajriba, qurilish uskunalari, laboratoriyalar, mashinalar va mexanizmlar, shuningdek malakali mutaxassislar mavjud boʻlishi toʻgʻrisidagi talablarni belgilashi shartligi buyurtmachi tashkilotning majburiyati sifatida koʻrsatib qoʻyilyapti.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi maxsus davlat nazorati organining masʼuliyati va vakolati oshirilishi, inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash, konservatsiyalash va tugatish ishlarida xavfsizlik boʻyicha nazorat kuchaytirilishiga xizmat qiladi.
Majlisda savol-javob va muhokamalardan soʻng ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.