Aytish kerakki,  mazkur korxonada umumiy qiymati 19,3 million AQSH dollarilik loyiha amalga oshirilgan. Pirovardida 429 kishi bandligi taʼminlandi.

— Korxonamiz Shveysariya va Germaniyadan keltirilgan eng zamonaviy yigiruv va toʻquv dastgohlari bilan jihozlangan, — deydi ushbu MCHJ rahbari Nodir Umarov. — Ayni paytda ishlab chiqarish jarayoni toʻrt bosqichda tashkil etilgan. Yaʼni kalava ip va mato tayyorlash, gazlamaga gul bosish va trikotaj mahsulotlari tikish yoʻlga qoʻyilgan. Kuniga 29 tonna paxta xom ashyosini qayta ishlayapmiz.

Mahsulotimizning asosiy qismini Yevropa davlatlariga eksport qilyapmiz. Shu yilning oʻtgan davrida 20 millionlik tovarlarimizni xorijlik hamkorlarimizga yetkazib berdik.

Shuningdek,  press-tur ishtirokchilari “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Navoiy smart plast” korxonasida ham boʻldi. Ayni paytda 40 kishi ishlayotgan mazkur tadbirkorlik tuzilmasida plastmassadan 100 turdagi uy-roʻzgʻor va xoʻjalik mollari ishlab chiqarilmoqda. Shu yilning oʻtgan davrida bu yerda 15 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlandi.