Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 14 Mart 2022 6449

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-5280-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport gimnastikasi bo‘yicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz faoliyatini
    keng targ‘ib etish maqsadida:

    1. Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabi (keyingi o‘rinlarda – gimnastika maktabi) tashkil etilsin.

    2. Quyidagilar gimnastika maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

    zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqalarda O‘zbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash;

    sport gimnastikasi bo‘yicha xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali trenerlar tarkibini mustahkamlash;

    sportchilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, o‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;

    sportchilarning professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, sport gimnastikasini rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda O‘zbekiston milliy terma jamoalariga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;

    yosh istiqbolli sportchilarni tanlash va tarbiyalash masalalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxirasi sport maktabi, gimnastika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-ta’lim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish;

    sport gimnastikasi bo‘yicha milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda muntazam ravishda o‘tkazib borish, trenerlar hamda sportchilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish bo‘yicha xorijiy sport maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

    3. Belgilab qo‘yilsinki:

    gimnastika maktabi o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi “Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi;

    gimnastika maktabi o‘z faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilидaн boshlaydi;

    gimnastika maktabi o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 165 nafarni tashkil etib, ular 1-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;

    gimnastika maktabi o‘quvchilarini umumta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshiriladi;

    gimnastika maktabi o‘quvchilarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan ta’minlashda oliy mahorat sport maktablarining normativlari tatbiq etiladi;

    gimnastika maktabi o‘quvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi hamda o‘quvchilar to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat bilan ta’minlanadi;

    gimnastika maktabi direktori, uning o‘rinbosarlari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq to‘lash hamda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va tarbiyachilar mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

    gimnastika maktabi direktori, uning o‘quv va sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, trener-o‘qituvchilar, yo‘riqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

    gimnastika maktabi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

    4. Quyidagilar gimnastika maktabini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    Davlat byudjeti mablag‘lari;

    faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

    asosiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydigan vaqtda bo‘sh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    5. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

    a) uch oy muddatda:

    gimnastika maktabining ustavini tasdiqlash, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

    gimnastika maktabini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan bosqichma-bosqich to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

    b) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda gimnastika maktabida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirsin;

    v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda gimnastika maktabining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

    g) Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilarini gimnastika maktabida shug‘ullanish uchun jalb etish choralarini ko‘rsin.

    6. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022 yil 1 avgustga qadar Toshkent shahar, Mirobod tumani, Sarako‘l ko‘chasi, 24 m-uy manzilida joylashgan 175-son umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tutash hududda zamonaviy gimnastika maktabi tashkil etilishi va jihozlanishini ta’minlasin.

    Gimnastika maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat byudjetidan jami 25 milliard so‘m yo‘naltirilsin.

    Vazirlar Mahkamasi Cportni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya vazirliklari bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib 2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining tegishli parametrlarini qayta ko‘rib chiqsin.

    7. Qurilish vazirligi (B.Zakirov) gimnastika maktabining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul me’moriy hamda texnik yechimlar qo‘llanilishini, maktabni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

    8. Moliya vazirligi gimnastika maktabi faoliyatini saqlash bilan bog‘liq zarur mablag‘larni 2022 yil respublika byudjetida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2023 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.

    9. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamda Toshkent shahar hokimi J.A.Artikxodjayev belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 14 mart