Ushbu xulosalar jismoniy faollik katta yoshli kishilarda gipertoniya rivojlanishiga qanday taʼsir qilishini aks ettiradi.

Tadqiqot avvalida 18 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan qatnashchilarning hayotiy faoliyati tahlil qilindi. Soʻngra ularning 40 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan davrdagi salomatlik koʻrsatkichlari oʻrganildi.

Yakunda gipertoniyaning oldini olish uchun yoshlikda haftasiga kamida besh soat jismoniy mashq qilish kerak, degan xulosaga kelindi.

Xoʻsh, bu yangilikning oʻziga xos jihati nimada?

Gap shundaki, ushbu mavzuda avval ham qator izlanishlar olib borilgan. Ularga tayanib, shifokorlar kelgusida qon bosimi bilan bogʻliq muammolarga duch kelmaslik uchun haftada 150 daqiqa oʻrtacha yoki 75 daqiqa intensiv jismoniy faollikni tavsiya qiladi.

Yangi tadqiqot esa bu koʻrsatkichni taxminan ikki baravar oshirish zarurligini tasdiqladi. Yaʼni yosh oʻtishi bilan qon bosimi xastaliklaridan aziyat chekmaslik uchun kuniga atigi bir soat badantarbiya va yengil jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish kifoya.

Qolaversa, mutaxassislar gipertoniyadan himoyalanishda boshqa profilaktik usullar, jumladan, tuz isteʼmolini kamaytirish, vaznni nazorat qilish, spirtli ichimliklardan tiyilish va chekishni tashlash muhimligini taʼkidladi.