Yurtimizda giyohvandlikning oldini olish, davolash va noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha bir qator ishlar olib borilmoqda. “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik oyligi oʻtkazildi. “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida oʻtkazilgan 53,5 ming uchrashuvda 1,5 milliondan ortiq yoshlarning ishtiroki taʼminlandi.
Tadbirlar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Jurnalist surishtiruvi” nomli hujjatli film, shuningdek, mavzuga oid boshqa ijtimoiy roliklardan keng foydalanildi.
Tadbirlar davomida 1 ming 277 narkojinoyat aniqlanib, noqonuniy muomaladan 804 kg giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar olindi.
Toshkent shahrida “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” profilaktik oyligi doirasida 50 mingdan ziyod profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Ularga 2 milliondan ortiq fuqaro jalb etilib, 838 ming donadan ortiq maxsus buklet va flayerlar tarqatildi.
165 ming 998 nafar oʻquvchi va talaba bilan yakka tartibda profilaktik suhbat oʻtkazilib, giyohvandlik va psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari tushuntirildi. Tadbir davomida 801 ta giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holat aniqlanib, 567 jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Noqonuniy muomaladan 21,8 kg giyohvandlik vositalari, 28,8 ming dona va 26 kg miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi.
Ichki ishlar organlariga olib kelingan shaxslardan 266 nafari majburiy, 235 nafari ixtiyoriy davolanishga yotqizildi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida 7 ming 236 ta tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi. 1 ming 191 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Noqonuniy muomaladan 334 kg 266 gramm giyohvandlik vositalari, 68 ming 429 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi.
Giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan shugʻullanuvchi narkodoʻkonlarning reklamasi aks etgan 3,6 mingdan ortiq holat aniqlanib, bartaraf qilindi. Ularni chizgan 8 nafar shaxs aniqlanib, maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Tadbirlar natijasida 5 ming 602 jinoyat qayd etildi.
Respublika boʻyicha 11 ming 725 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyat qayd etilib, bu avvalgi yilga nisbatan 26 foizga kamaygani maʼlum boʻldi.
Tarkibida giyohvandlik vositalari boʻlgan oʻsimliklar oʻsayotgan maydonlarni aniqlash va yoʻq qilish bilan bir qatorda, giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jinoyatlarni aniqlash hamda fosh etish maqsadida may-iyun oylarida “Qora dori - 2025” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi oʻtkazildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyat sodir etgani uchun 4 ming nafardan ziyod shaxs ushlangan. Ulardan 1,8 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari va 894 ming 255 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olingan.