GIZ bilan hamkorlikda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi negizida oʻquv markazi ochadi

    Ta'lim 22 Dekabr 2023 518

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimi tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash- TexVET” loyihasi rahbari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida sifatli taʼlim dasturlarini amalga oshirish, tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, standartlashtirish va sertifikatlashtirishga oid mavzularda oʻzaro fikr almashildi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, GIZ 130 dan ortiq mamlakatda oʻz faoliyatini olib boradi. 1992-yildan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Faoliyati davomida mamlakatimizda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoati, taʼlim va koʻplab sohalarda qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirib kelyapti.

    Shuningdek, uchrashuvda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining Toshkent shahrida mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moda, dizayn, texnologiya, standartlashtirish, marketing yoʻnalishlarida soha korxonalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, sohada innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha “Charm-poyabzal sohasida moda, dizayn va innovatsiya” oʻquv markazini ochish boyicha tashqi begʻaraz koʻmak (grant) mablagʻlarini jalb etish boʻyicha takliflari va tashabbuslari GIZ tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

    Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarining xorijiy davlatlarga eksport hajmini oshirish maqsadida standartlashtirish markazini tashkil etish masalasi ham uchrashuvda alohida muhokama etildi. Ushbu markaz eng avvalo xalqaro sifat sertifikatlarini korxonalarga joriy etish, xalqaro standartlarni ishlab chiqarishda qoʻllashda amaliy koʻmak koʻrsatadi. Bu oʻz navbatida xalqaro bozorda “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostidagi mahsulotlarning nufuzini yanada oshishiga xizmat qiladi.

    Muloqot soʻngida 2024-yilning boshida Toshkent shahrida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi negizida oʻquv markazini ochish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu markazda xorijiy va mahalliy mutaxassislar respublikamizning charmsanoat tarmogʻidagi korxonalarda ishlayotgan xodimlarni oʻqitadi va malakasini oshirish bilan shugʻullanadi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.