GIZ Orolboʻyi hududida ekologiyani tiklashga 8 millon yevro ajratadi

    Agrosektor 1 Mart 2021 445

    Germaniya hamkorligida “Orolboʻyida ekologik yoʻnaltirilgan mintaqaviy taraqqiyot” loyihasi amalga oshiriladi.

    Bu borada 26-fevral kuni Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihalar menejeri Paul Shumaxer oʻrtasida bitim imzolandi.

    Hujjat Orolboʻyi hududini barqaror transchegaraviy ekologik hamda iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga erishishda Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlariga koʻmak koʻrsatishga qaratilgan.

    “Orolboʻyi hududida ekologik yoʻnaltirilgan mintaqaviy rivojlanish biz uchun juda muhimdir. Yangi loyihaning asosiy tarkibiy qismlari: konsalting xizmatlarini koʻrsatish, raqamlashtirish, geoaxborot tizimi, masofaviy zondlash, transchegaraviy hamkorlik va boshqalardan iborat. Shu qatorda biz qozogʻistonliq qoʻshnilarimiz bilan maʼlumot almashish uchun ochiqmiz”, deydi Jamshid Xodjayev.

    Ekologik va ijtimoiy jihatlarga salbiy taʼsirlarni minimallashtirishni hisobga olgan holda iqtisodiy rivojlanishga kompleks yondashuvni koʻzda tutuvchi loyiha 4 yilga moʻljallangan. Uning byudjeti 8 millon yevroni tashkil etadi.