Jahon sport maydonida halol raqobatni ta’minlash, sportchilar salomatligini himoya qilish va dopingga qarshi kurashni tizimli tashkil etish masalasi so‘nggi yillarda xalqaro kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, globallashuv va transchegaraviy sport aloqalari sharoitida antidoping siyosatida uyg‘unlik, muvofiqlik va mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Global antidoping boshqaruvini mustahkamlash: uyg‘unlashtirish, muvofiqlik va mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forum ijtimoiy-siyosiy va diplomatik jihatdan ham ahamiyatli tadbir sifatida baholandi. Forum WADA talablari va standartlariga muvofiq antidoping xizmatlarini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish va tajriba almashishga qaratildi.

Forum doirasida 26-yanvar kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi (RADOCA)ga a’zo mamlakatlar — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston vakillari ishtirokida yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqada dopingga qarshi kurashni muvofiqlashtirish, milliy antidoping tizimlarining samaradorligini oshirish va xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda davlatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, jumladan, sportchilar va murabbiylar uchun o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar, ta’limiy dasturlar, laboratoriyalar bilan hamkorlik hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir tashabbuslar taqdim etildi. Shuningdek, 2027 yilgi Jahon antidoping kodeksi talablariga tayyorgarlik ko‘rish, sportchilarning salomatligi va huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Muhokamalar jarayonida ishtirokchi davlatlar o‘z milliy tajribasi va mavjud muammolari haqida fikr almashib, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, antidoping ta’limi va ilmiy yordamni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu ochiq muloqot sportda halollik va adolatli raqobat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Umuman olganda, mazkur xalqaro forum Markaziy Osiyo mamlakatlarining dopingsiz sport harakatini qo‘llab-quvvatlash, milliy tizimlarni xalqaro standartlarga moslashtirish va WADA hamda mintaqaviy antidoping tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Forum yakunlari antidoping sohasida uyg‘unlashgan siyosat, muvofiqlik va mintaqaviy hamkorlik sportda adolatli raqobatni ta’minlashning asosiy omillaridan biri ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor bo‘lgan, adolat ta’minlangan jamiyatdagina haqiqiy taraqqiyot bo‘ladi.” Aynan shu tamoyillarga tayangan mazkur forum mintaqada halol sport va ochiq hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilgan muhim muloqot maydoni sifatida e’tirof etildi.